29-oktyabr kuni Hindistonning NPCI International kompaniyasi delegatsiyasi UZCARD ofisiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida mehmonlarga keng turdagi takliflari va UZCARD bilan ichki bozorda ham, xalqaro miqyosda ham hamkorlik qilish imkoniyatlari haqida ma’lumot taqdim etildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish istiqbollarini yanada chuqurroq o‘rganishga qiziqish bildirdilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik munosabatlarini sezilarli darajada mustahkamlashi mumkin bo‘lgan yangi hamkorlik yo‘nalishlarini yaratish imkoniyatlari ham muhokama etildi.
Ta’kidlash joizki, UZCARD O‘zbekistonning fintech sohasida peshqadam hisoblanib, mamlakatda moliyaviy xizmatlar o‘zgarishida hal qiluvchi ahamiyatga ega.
NPCI International esa, Hindiston milliy to‘lov korporatsiyasi vakili sifatida, foydalanuvchilarga yuqori darajadagi moliyaviy qulaylik va ishonchlilikni taqdim etgan holda, real vaqt rejimida uzluksiz to‘lovlarni ta’minlaydi. UZCARD bilan hamkorlik zamonaviy to‘lov tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha birgalikda ishlash uchun noyob imkoniyatlarni yaratadi, bu esa o‘z navbatida, har ikki mamlakatda ham moliyaviy ekotizimni mustahkamlashga xizmat qiladi.