2024-yil 25-noyabr kuni UZCARD to‘lov tizimi va Yangi O‘zbekiston universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Imzolash marosimi UZCARD ofisida bo‘lib o‘tdi va ta’lim tadbirlarini tashkil etishga e’tibor qaratgan holda ikki tomonning uzoq muddatli hamkorlik munosabatlarini o‘rnatishga intilishining ramziga aylandi.
Memorandum shartlariga ko‘ra, tomonlar yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun samarali platforma yaratishga qaratilgan bir qator tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar. Hamkorlik bir nechta asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi, jumladan, universitetning qisqa va uzoq muddatli dasturlari, shuningdek, tanlov asosida bakalavriat talabalari va bitiruvchilari uchun amaliyotlarni tashkil etish. Bundan tashqari, universitet UZCARD xodimlariga ta’lim dasturlari va malaka oshirish kurslaridan o‘tish imkoniyatini beradi.
«Ushbu hamkorlik zamonaviy mehnat bozori talablariga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Bu nafaqat ta’lim sifatini yaxshilashga, balki ta’lim muassasalari va biznes o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shadi», – deya izoh berdi «UCMG» MChJ HR, PR va CSR bo‘yicha direktori Hilola Suleymanova.
Ta’kidlash joizki, ushbu memorandumning imzolanishi universitet talabalarining karyera o‘sishi va kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
«Biz ishonamizki, UZCARD bilan qo‘shma loyihalar bizga zamon talablariga samarali javob bera oladigan va mamlakatimiz rivojiga hissa qo‘sha oladigan kadrlarni tayyorlashga yordam beradi», – deya qo‘shimcha qildi Yangi O‘zbekiston universiteti innovatsiyalar va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Bahodir Yuldashev.
Shuni ta’kidlash kerakki, UZCARD kompaniyasi allaqachon INHA, WIUT, TATU, MDIST, IT Park University, Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi, TEAM va TIFT kabi bir qator yetakchi universitetlar va ta’lim muassasalari bilan memorandumlar imzolagan.
UZCARD – O‘zbekistonning yetakchi milliy to‘lov tizimi bo‘lib, kompaniyaning asosiy maqsadi milliy to‘lov biznesi sohasida mahsulotlarni doimiy ravishda izlash, ishlab chiqish va takomillashtirish, zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimlarini modernizatsiya qilish hamda fintech sanoati sohasida xizmatlarni kengaytirishdan iborat.