Bugun UZCARD to‘lov tizimi rasmiy tashrif bilan Vengriya Markaziy banki vakillarini qabul qildi. Vengriya delegatsiyasi tarkibiga Dr. Miklós Luspay – Moliyaviy infratuzilma va to‘lov tizimlari direktorati direktori, hamda Mr. László Kajdi – Moliyaviy infratuzilma va to‘lov yechimlarini rivojlantirish bo‘limi rahbari kiritildi.
Tashrif davomida Vengriya Markaziy banki vakillari UZCARD faoliyati, uning texnologik imkoniyatlari, banklar va fintex kompaniyalari bilan hamkorlik ekotizimi hamda O‘zbekiston Respublikasida karta biznesini rivojlantirishning asosiy jihatlari bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv zamonaviy to‘lov texnologiyalari yo‘nalishidagi so‘nggi tendensiyalar, moliyaviy infratuzilma bo‘yicha xalqaro muloqotni mustahkamlash va tajriba almashish uchun muhim platformaga aylandi.
UZCARD Vengriya Markaziy banki delegatsiyasiga ko‘rsatilgan qiziqish va hamkorlikni chuqurlashtirishga bo‘lgan intilish uchun samimiy minnatdorlik bildiradi.