“AloqaBank” UZCARD to‘lov tizimi bilan hamkorlikda tadbirkorlik yo‘lini boshlagan yosh fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Yoshlar uchun omad kartasi” rag‘batlantiruvchi aksiyasi boshlanganini e’lon qiladi. 2025-yil 16-iyundan 16-dekabrgacha bo‘lgan davrda “Biznesga birinchi qadam – Yoshlar uchun” mikrokrediti olish uchun ariza topshirgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari ishtirok etishlari mumkin.
Aksiyaning asosiy g‘oyasi moliyaviy yordamni qo’shimcha motivatsiya bilan uyg‘unlashtirishdir. Mikrokredit olgan va AloqaBankdan maxsus UZCARD olish uchun ariza topshirgan har bir mijoz avtomatik tarzda zamonaviy elektromobil o‘yini ishtirokchisiga aylanadi.
Aksiyaga qo‘shilish uchun siz ushbu amallarni bajarishingiz kifoya:
- “Biznesga birinchi qadam – Yoshlar uchun” mikrokreditini olish uchun AloqaBank filiallariga murojaat qilish;
- kredit summasi hisoblangan UZCARDni olish.
Ushbu shartlarni bajargan barcha ishtirokchilar random.org mustaqil onlayn xizmati yordamida o‘tkaziladigan o‘yin ro’yxatiga kiritiladi.
G‘olib aksiya tugaganidan keyin o‘n ish kuni ichida aniqlanadi. Elektromobilning baxtli egasining ismi bank saytida e’lon qilinadi.