Navoiy shahrida, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) bosh pudrat tashkiloti korxonasida UZCARD to‘lov tizimi vakillari tomonidan axborot taqdimoti o‘tkazildi.
Tadbir davomida zamonaviy moliyaviy vositalar va xavfsizlik bilan bog‘liq dolzarb masalalar muhokama qilindi:
– moliyaviy savodxonlik asoslari va shaxsiy mablag‘larni samarali boshqarish;
– zamonaviy firibgarlik turlari va ulardan himoyalanish usullari;
– xavfsiz to‘lovlar va moliyaviy nazorat uchun raqamli xizmatlar imkoniyatlari.
1 000 dan ortiq xodim ishlaydigan korxona moliyaviy xavfsizlik va zamonaviy bank yechimlaridan foydalanish masalalariga katta qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida korxona rahbariyati bilan xodimlarning ish haqi hisob-kitobini to‘liq UZCARD platformasiga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, mobil bank ilovasi doirasida moliyani xavfsiz boshqarish uchun yangi vosita yaratish bo‘yicha hamkor bank bilan hamkorlik kelishib olindi.
Mazkur yechimlarni amalga oshirish xodimlarga mablag‘larini qulay boshqarish va xavfsiz moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish imkonini beradi.
UZCARD butun mamlakat bo‘ylab raqamli imkoniyatlarni kengaytirish va aholining moliyaviy xabardorligini oshirish ustida ish olib bormoqda.