Buxoro muhandislik-texnologiya institutida Cyber Week 2025 mintaqaviy dasturining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi — bu UZCARD to‘lov tizimi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Ichki ishlar vazirligining qo‘shma tashabbusidir. Tadbir davlat idoralari, banklar va IT hamjamiyati vakillarini raqamli savodxonlik hamda kiberxavfsizlik bo‘yicha ochiq muloqot uchun birlashtirdi.
Matbuot anjumani davomida ishtirokchilar naqd pulsiz xizmatlar foydalanuvchilarini himoya qilishning asosiy yo‘nalishlari, kiberfiribgarlikka qarshi zamonaviy usullar va ishonchli raqamli infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar. UZCARD ekspertlari to‘lov tizimlari xavfsizligini ta’minlashga oid amaliy vositalarni taqdim etdilar, IIV huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi kiberjinoyatchilikning yangi shakllari haqida ma’lumot berdi, Markaziy bank vakillari esa tahdidlarni monitoring qilish va zaifliklarni aniqlash tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar.
“Zamonaviy kiberxavflar davlat tuzilmalaridan tortib biznes va oddiy fuqarolargacha barchaga ta’sir ko‘rsatadi. Biz ishonch bilan aytamizki, foydalanuvchilarning xabardorligi va raqamli madaniyati kiberbarqarorlikning asosiy omiliga aylanadi. Maqsadimiz — onlayn firibgarlik holatlarini ogohlantirish bilangina cheklanmay, balki raqamli muhitda xavfsizlikka mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdir. Ushbu loyiha fuqarolarning raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchini oshirish va jamiyatning umumiy kibersavodxonligini rivojlantirishga qo‘shilgan hissadir”, — deya ta’kidladi “UCMG” MChJ axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Nurjau Bolatbek.
“Kiberfiribgarlik tobora murakkablashib bormoqda: firibgarlar ijtimoiy muhandislik usullaridan, hattoki sun’iy intellekt vositalaridan foydalanmoqda. Biz texnik choralarni foydalanuvchilarni ma’rifatlantirish bilan uyg‘unlashtirishimiz zarur”, — dedi IIV huzuridagi Kiberxavfsizlik markazi vakili Maqsud Mirabdullayev.
Mintaqaviy bosqich doirasida tijorat banklari xodimlari, IT-park rezidentlari va korxonalarning IT mutaxassislari uchun amaliy seminar-trening ham o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar himoya vositalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashdilar va open banking integratsiyasi masalalarini muhokama qildilar.
Buxorodagi tadbir Cyber Week 2025 mintaqaviy uchrashuvlari turkumining yakuni bo‘ldi; bundan oldin mazkur dastur Farg‘ona, Samarqand va Nukusda o‘tkazilgan. Dastur davlat tuzilmalari, biznes va texnologik hamjamiyat o‘rtasidagi ochiq muloqotga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligini tasdiqladi hamda O‘zbekistonning xavfsiz raqamli makonini shakllantirish bo‘yicha milliy strategiya doirasida hamkorlikni mustahkamladi.
UZCARD — O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi. Kompaniyaning asosiy maqsadi — milliy to‘lov biznesi sohasida mahsulotlarni izchil izlash, ishlab chiqish va takomillashtirish, zamonaviy xizmatlarni modernizatsiya qilish hamda fintech-industriyada xizmatlar ko‘lamini kengaytirishdir.
Sayt: uzcard.uz
Facebook: fb.com/uzcard
Instagram: @uzcard.uz
Telegram: t.me/uzcard