UZCARD va IIV raqamli savodxonlik dasturi yakunlari bo‘yicha tashakkurnomalar bilan almashishdi

UZCARD ofisida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi (IIV) va to‘lov tizimi vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv raqamli savodxonlik dasturining mintaqaviy bosqichi yakuniga bag‘ishlandi. Tomonlar uchrashuv chog‘ida aholining raqamli savodxonligini oshirish hamda mamlakatda kiberxavfsizlik darajasini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi uchun hamkorlarni e’tirof etib, o‘zaro tashakkurnomalar almashdilar.

Joriy yilda UZCARD va IIVning qo‘shma tashabbusi Farg‘ona, Samarqand, Nukus va Buxoro hududlarini qamrab oldi hamda davlat idoralari, banklar, IT-kompaniyalar va ta’lim muassasalari vakillaridan iborat 1000 dan ortiq ishtirokchini jamladi. Dastur doirasida seminarlar, treninglar va konferensiyalar o‘tkazilib, ishtirokchilar shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, xavfsiz onlayn to‘lovlar va kiberfiribgarlikka qarshi kurashning zamonaviy usullari bo‘yicha amaliy bilimlarga ega bo‘ldilar.

Mazkur loyiha O‘zbekistonning xavfsiz va zamonaviy raqamli ekotizimini barpo etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. U davlat, biznes va jamiyatning hamkorlikdagi harakatlari raqamli xulq-atvor madaniyatini amalda o‘zgartirishi va aholining kelajak texnologiyalariga bo‘lgan ishonchini shakllantirishini ko‘rsatdi.