UZCARD: SoftPOS yangi ekvayring modelining bir qismiga aylanmoqda

UZCARD toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishni davom ettirmoqda, uning doirasida banklar texnik hamkorlar bilan birgalikda naqd pulsiz toʻlovlarni qabul qilishning yangi usullarini muvaffaqiyatli ishga tushirmoqda. Bunday yechimlardan biri SoftPOS – terminaldan foydalanmasdan oddiy smartfon orqali kartalar orqali toʻlovlarni qabul qilish imkonini beruvchi texnologiya boʻldi.

SoftPOS NFC-modul bilan jihozlangan Android operatsion tizimli smartfonlarda ishlaydi va banklar tomonidan mikro biznes, oʻzini oʻzi band qilganlar, kurerlar, yetkazib berish xizmatlari, ofitsiantlar va sayyor mutaxassislar uchun naqd pulsiz toʻlovlarga ulanish uchun qulay vosita sifatida qoʻllaniladi. Bunday formatlar uchun bu terminallarni xarid qilish va ularga xizmat koʻrsatish xarajatlarisiz kartalar orqali toʻlovlarni qabul qilishni boshlashning oddiy va qulay usulidir.

SoftPOSning asosiy afzalliklaridan biri uning biznes uchun qulayligidir. Klassik POS-terminaldan farqli oʻlaroq, smartfonning ishdan chiqishi toʻlovlarni qabul qilishning toʻxtashiga olib kelmaydi: ilovani boshqa qurilmada qayta roʻyxatdan oʻtmasdan va mijozlarga xizmat koʻrsatishda uzilishlarsiz tezda faollashtirish mumkin.

Xaridorlar uchun SoftPOSdan foydalanish odatiy toʻlov ssenariysini oʻzgartirishni talab qilmaydi. Xarid uchun toʻlovni amalga oshirish uchun bank kartasini ilova oʻrnatilgan sotuvchining smartfoniga qoʻyish kifoya. Belgilangan limitlar doirasida PIN-kodni kiritish talab etilmaydi – toʻlov jarayoni tez va qulay boʻlib qoladi.

2025 yil yakunlariga koʻra, SoftPOS orqali UZCARD kartalari boʻyicha toʻlovlar hajmi 9 mlrd soʻmdan oshdi – bu 2024 yilgiga nisbatan 20 barobar koʻpdir. Eng katta oʻsishni “Anor Bank” koʻrsatdi, uning SoftPOS orqali toʻlovlarning umumiy tarkibidagi ulushi 74 foizni tashkil etdi. Kuchli uchlikka “Ipoteka Bank” va “Hamkor Bank” ham mos ravishda 9 va 7 foiz ulush bilan kirdi. SQB ham sezilarli dinamikani koʻrsatdi: 2025 yil iyuldan dekabrgacha bankning SoftPOS orqali operatsiyalari hajmi 22 barobarga oshdi.

SoftPOS boʻyicha eng katta aylanmalar hali ham Toshkentda qayd etilmoqda – barcha operatsiyalarning 81 foizi poytaxt sotuvchilariga toʻgʻri keladi. Shu bilan birga, Toshkentning toʻlovlar tarkibidagi ulushi 2024 yilga nisbatan 6 foizga kamaydi, bu hududlarda SoftPOSdan foydalanishning faol oʻsishi bilan bogʻliq. Eng yuqori oʻsish sur’atlarini Xorazm, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlari koʻrsatdi, ularning umumiy ulushi 16 foizga yetdi.

SoftPOSga qiziqish ortib borayotgan sharoitda “UZCARD” “Anor Bank” bilan birgalikda mikro va kichik biznesni naqd pulsiz toʻlovlarga ulanishini tezlashtirish uchun yechimning funksional imkoniyatlarini kengaytirish ustida ishlamoqda.

SoftPOS hozircha bozorning juda kichik ulushini egallab turgan boʻlsa-da, ushbu formatga boʻlgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Mikro va kichik biznes naqd pulsiz hisob-kitoblarga faolroq oʻtgani sain, SoftPOS asosidagi yechim butun mamlakat boʻylab toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishning muhim qismiga aylanmoqda.