UZCARD va «Elkart» oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Memorandum imzolandi

2024-yil 24-oktabr kuni UZCARD FORUM 2024 doirasida «Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ (UZCARD) va “Banklararo protsessing markazi” YAJ (Qirg‘iziston Respublikasi “Elkart” Milliy To‘lov Tizimi operatori) o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu hamkorlik O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida elektron to‘lovlarni rivojlantirishda yangi bosqichni anglatadi.

 

Memorandum UZCARD va “Elkart” to‘lov tizimlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yaxshilashga qaratilgan bo‘lib, ikki mamlakat iste’molchilari va biznesi uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. Hamkorlikning asosiy maqsadlari – transchegaraviy to‘lovlar uchun ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, sog‘lom raqobatni qo‘llab-quvvatlash va yangi raqamli yechimlarni rivojlantirishdir.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari:

  • Transchegaraviy to‘lovlar: to‘lov tizimlari kartalari egalari uchun transchegaraviy to‘lovlar, naqd pul yechib olish va pul o‘tkazmalari operatsiyalarini soddalashtirishga qaratilgan hamkorlik.
  • Raqamlashuv va yangi yechimlar: zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va aholiga to‘lov xizmatlarining mavjudligi va qulayligini oshirish maqsadida yangi yechimlarni qo‘llab-quvvatlash.
  • Moliyaviy savodxonlik: ikki mamlakat fuqarolari o‘rtasida elektron to‘lovlarni ommalashtirish va moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma PR-kampaniyalarni o‘tkazish.
  • Ilg‘or loyihalar: hisob-kitob tizimini takomillashtirish va moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish uchun qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va joriy etish.

Memorandum ikki mamlakat uchun elektron savdo va naqd pulsiz hisob-kitoblarni rivojlantirishga hissa qo‘shgan holda katta foyda keltiradi. Yangi texnologiyalarni joriy etish va transchegaraviy to‘lov operatsiyalarini soddalashtirish tadbirkorlikning o‘sishiga va moliyaviy xizmatlarga kengroq kirish imkoniyatini yaratadi. Bu esa, o‘z navbatida, ikki mamlakat fuqarolari uchun to‘lovlarning qulayligi va xavfsizligini oshiradi. UZCARD va “Elkart” o‘rtasidagi hamkorlik bank sohasida xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanishiga yordam beradi, to‘lov xizmatlari bozorida raqobatbardosh muhit yaratadi. Aholi o‘rtasida moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ham iqtisodiy madaniyatni rivojlantirishga katta hissa qo‘shadi.

Shu tariqa, UZCARD va “Elkart” milliy to‘lov tizimlarining integratsiyasi nafaqat ikki mamlakat moliyaviy infratuzilmasini rivojlantirishda, balki ko‘plab sohalarni rivojlantirishda ham yangi imkoniyatlar yaratadi, o‘zaro savdo, turizm va iqtisodiy hamkorlikning o‘sishiga turtki beradi.

Eslatib o‘tamiz, UZCARD FORUM 2024 moliyaviy texnologiyalar sohasidagi yirik tadbir bo‘lib, UZCARDning 20 yilligiga bag‘ishlangan. Forum ikkinchi yil ketma-ket o‘tkazilmoqda va O‘zbekiston bank va fintech sektori yetakchilarini birlashtiradi.