UCMG guruhiga kiruvchi UZCARD — O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi, 10 noyabr kuni InterContinental Tashkent mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan to‘rtinchi yillik CSR Ball AmCham 2025 tadbirida “G‘amxo‘rlik” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikdagi UZCARD tashabbusi CSR Ball AmCham 2025 hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholandi. Loyiha aholining raqamli savodxonligini oshirish va internetda xavfsiz xulq madaniyatini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, davlat, biznes va jamiyat sa’y-harakatlarini birlashtiradi.
Loyiha doirasida Farg‘ona, Samarqand, Nukus va Buxoro shaharlarida o‘quv seminarlar va matbuot anjumanlari o‘tkazildi. Ushbu tadbirlar yuzlab ishtirokchilarni jamladi va OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda millionlab ko‘rishlarga erishdi. Bundan tashqari, UZCARD bir qator ma’rifiy tashabbuslarni amalga oshirdi: kiberfiribgarlik haqida videoroliklar seriyasini chiqardi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va fintex sohasi mutaxassislari ishtirokidagi Fintech GAP podkastini yo‘lga qo‘ydi, shuningdek, “Firibgarlar” nomli mini-serialni taqdim etdi — bu O‘zbekistonda raqamli savodxonlikka bag‘ishlangan birinchi o‘zbek tilidagi medialoyihadir.
“Mazkur loyiha kiberxavfsizlik madaniyatini rivojlantirish va raqamli to‘lov servislariga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan haqiqiy ma’rifiy harakatga aylandi. Kelgusida UZCARD jamoasi dasturning geografiyasini kengaytirish va yangi o‘quv formatlarini joriy etishni rejalashtirmoqda”, — deya ta’kidladi “UCMG” MChJ axborot xavfsizligi bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Nurjau Bolatbek.
CSR Ball AmCham 2025 dagi e’tirof UZCARDning mas’uliyatli tashabbuslarni ilgari surish va O‘zbekistonning xavfsiz raqamli ekotizimini shakllantirishdagi yetakchiligini yana bir bor mustahkamladi.
American Chamber of Commerce in Uzbekistan (AmCham Uzbekistan) — 1997 yilda xorijiy va mahalliy biznes hamjamiyati vakillari tomonidan tashkil etilgan mustaqil, notijorat biznes assotsiatsiyasi. Tashkilot yetakchi xalqaro va o‘zbek kompaniyalarini birlashtirib, shaffoflik, barqaror rivojlanish va mas’uliyatli biznes standartlarini ilgari suradi. AmCham Uzbekistan Amerika savdo palatalarining global tarmog‘iga kiradi, biroq a’zolarining manfaatlarini davlat va jamoat institutlari bilan muloqotda mustaqil ravishda ifodalaydi.
UZCARD — O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi. Kompaniyaning asosiy maqsadi — milliy to‘lov biznesi sohasida mahsulotlarni izchil izlash, ishlab chiqish va takomillashtirish, zamonaviy xizmatlarni modernizatsiya qilish hamda fintex sohasida xizmatlar ko‘lamini kengaytirishdir.
Sayt: uzcard.uz
Facebook: fb.com/uzcard
Instagram: @uzcard.uz
Telegram: t.me/uzcard