“Yagona umumrespublika protsessing markazi” AJ (YUPM) UZCARD to‘lov tizimining ayrim xizmatlari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS)ni qo‘llash tartibi o‘zgargani haqida ma’lum qiladi.
Mazkur o‘zgarishlar tarif modelini yangilash doirasida joriy etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2026-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash chora-tadbirlar to‘g‘risida qarori kuchga kirishi bilan bog‘liq.
Unga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan boshlab to‘lov tizimi operatorlariga nisbatan YUPMga Texnopark rezidenti sifatida berilgan soliq va bojxona imtiyozlari qo‘llanilmaydi.
Shu munosabat bilan «YUPM» AJ ayrim xizmatlar bo‘yicha QQSni qo‘llash tartibini qayta ko‘rib chiqdi. Shu bilan birga, amaldagi UZCARD to‘lov tizimi Tariflari va Qoidalariga muvofiq, agar xizmat soliqga tortiladigan bo‘lsa, bunday soliq belgilangan tarifdan tashqari undiriladi, agar tarif shartlarida boshqacha nazarda tutilmagan bo‘lsa.
Quyidagi xizmatlar qiymatiga QQS kiritilgan:
– “Autopaytoken” xizmati bo‘yicha UZCARD kartalari tokenlarini so‘rash;
– “Standart” usulda (60 kungacha) operatsiyalar tarixini taqdim etish;
– “Kengaytirilgan” usulida (61 kundan 365 kungacha) operatsiyalar tarixini taqdim etish;
– kreditga layoqatlilikni baholash maqsadida “Scoring” usuli orqali barcha kartalar tokenlarini taqdim etish;
– bank kartalarini personallashtirish nuqtalarini tashkil etish.
Quyidagi xizmatlar bo‘yicha QQS tarifga qo‘shimcha ravishda hisoblanadi:
– ishtirokchini ro‘yxatdan o‘tkazish va ulash; emissiya faoliyatini ta’minlash;
– SHERDOR kartalari bo‘yicha emissiya faoliyati;
– SMPP protokoli; “SV-Gate” dasturiy ta’minotida hisob yozuvini ro‘yxatdan o‘tkazish;
– “SV-Gate” dasturiy ta’minotidan API orqali foydalanish huquqini berish;
– axborot xavfsizligi talablariga muvofiq integratsiya bo‘yicha maslahat xizmatlari;
– bankomatlar, POS-terminal va onlayn NKMlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va ulash;
– sertifikatlanmagan yoki o‘zgartirilgan uskuna test qilish;
– sertifikatlash (test bilan birga).
Ushbu o‘zgarishlar amaldagi soliq qonunchiligiga muvofiq tarif siyosatini yangilashga qaratilgan bo‘lib, 2026-yil 1-apreldan kuchga kiradi.
YUPM to‘lov xizmatlari ko‘rsatuvchilaridan o‘z faoliyatida QQS bo‘yicha yangilangan tartibni inobatga olishlarini so‘raydi.