UZCARD milliy to‘lov tizimi U. Q. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasining bemorlariga mo‘ljallangan bolalar maydonchasini qurdi

UZCARD kompaniyasi 20-yillik yubiley munosabati bilan xayriya tashabbuslarini faol rivojlantirishni davom ettirmoqda. Bunday tashabbuslardan biri Toshkent shahridagi U.Q. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasining kichik yoshdagi bemorlar uchun yangi bolalar maydonchasining qurilishi bo‘ldi.

U.Q. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi respublikaning barcha viloyatlari va mintaqalaridan kelgan serebral genezli falaj, spinal mushak atrofiyasi va autizm bilan kasallangan bolalarga har tomonlama bepul tibbiy yordam ko‘rsatadigan respublikadagi yagona ixtisoslashtirilgan muassasa hisoblanadi.

Maydoncha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi ijtimoiy himoya Milliy Agentligi va O‘zbekiston Nogironlar jamiyati bilan hamkorlikda barcha xavfsizlik talablarini hisobga olgan holda loyihalashtirilgan va davolanayotgan bolalarga moslashtirilgan, shuningdek, tabiiy materiallardan tayyorlangan. O‘yin maydoni qulay va xavfsiz dam olish uchun yaratilgan bo‘lib, unda yosh bemorlar o‘ynashlari, rivojlanishlari va o‘zlarini g‘amxo‘rlik hamda qulay muhitda his etishlari mumkin.

«UZCARDdagi vazifamiz – ijtimoiy mas’uliyatni namoyon etish va ayniqsa yordamga muhtoj bo‘lganlarga ko‘maklashishdir. Bu maydoncha bizning g‘amxo‘rligimiz, mehrimiz va og‘ir sinovlardan o‘tayotgan bolalarga quvonch ulashish istagimizning ramzidir. Bu yerda kulgi va shodlik yangrasin – aynan shular dunyomizni mehrga to‘ldiradi,» – dedi UCMG bosh direktori David Melikidze.

UZCARD kompaniyasi og‘ir hayotiy sharoitga tushib qolgan bolalarga yordam berishni o‘z xayriya faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri deb biladi. Kompaniya har bir bola baxt va qo‘llab-quvvatlashga munosib ekanligiga ishonadi hamda ularning hayotiga hissa qo‘sha olayotgani bilan faxrlanadi.

«UZCARD kompaniyasining bolalar maydonchasi barpo etish loyihasi kabi xayriya tashabbuslari jamiyatimiz uchun g‘oyat muhimdir. Bunday tashabbuslar nafaqat davolanish sharoitlarini yaxshilaydi, balki bolalarning ruhiy sog‘ayishiga ham katta hissa qo‘shadi. Ishonchimiz komilki, bunday ibratli misollar boshqa kompaniyalarni ham xayriya ishlarida faol qatnashishga va yosh avlod salomatligini qo‘llab-quvvatlashga undaydi,» – deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi vazir o‘rinbosari Basitxanova Elmira Irkinovna.

«Shifoxonamiz hududida yangi bolalar maydonchasi barpo etilishi kichik bemorlarimizning hayot tarzini yaxshilash yo‘lidagi qadamdir. Biz UZCARD kompaniyasiga saxovati va ko‘rsatgan yordami uchun minnatdormiz. Bu maydoncha bolalar o‘z kasalliklarini unutib, bemalol o‘ynashlari, bir-birlari bilan muloqot qilishlari va erkin muhitda rivojlanishlari mumkin bo‘lgan maskan bo‘lib xizmat qiladi,» – dedi U.Q. Qurbonov nomidagi Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori Nurmatova Shoira Oktyabrevna.

Respublika bolalar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida bolalar maydonchasi qurilishi bilan birga, UZCARD kichkintoy bemorlarga quvonch va tabassum ulashishga harakat qilmoqda. Agar bu qadam ularning hayotini ozgina bo‘lsa-da yorqinroq qila olsa, demak, kompaniyaning 20-yillik faoliyati bekor ketmagan bo‘ladi.

O‘z yubileyini nishonlash munosabati bilan kompaniya ehtiyojmand insonlar va tashkilotlarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan bir qator xayriya tashabbuslarini amalga oshirdi. Ular orasida:

– UZCARD Avlod dasturi, uning doirasida TATU, WIUT va MDIST kabi universitetlarning iste’dodli talabalariga 10 ta grant ajratildi;
– Namangan, Buxoro va Surxondaryodagi uchta hududiy maktablar kompyuter sinflari bilan jihozlandi. Mazkur loyiha bolalarning zamonaviy sharoitlarda ta’lim olishini ta’minlashga qaratilgan;
– Toshkent shahridagi 77-sonli ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatga ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun Brayl tizimidagi yozuv va o‘qish daftarlari topshirildi. Bu inklyuziv ta’lim muhitini shakllantirishga ko‘maklashadi;
– Kam ta’minlangan oilalardan yurak-qon tomir kasalliklariga chalingan 10 nafar bolalarni jarrohlik amaliyoti uchun mablag‘ ajratildi.

UZCARD jamiyatga ijobiy o‘zgarishlar kiritish va yordamga muhtojlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi o‘z vazifasini davom ettirmoqda. Kompaniya ushbu tashabbuslar yorqin kelajak yaratish uchun poydevor bo‘lishiga va boshqalarni ezgu ishlarga ruhlantirishi mumkinligiga ishonch bildirmoqda.
_____________________________________________________________________________

UZCARD – O‘zbekistonning milliy to‘lov tizimi bo‘lib, kompaniya faoliyatining asosiy maqsadi milliy to‘lov biznesi sohasidagi mahsulotlarni doimiy ravishda izlash, ishlab chiqish va takomillashtirishdan, zamonaviy xizmat ko‘rsatish tizimlarini yangilashdan hamda fintex sanoati doirasidagi xizmatlarni kengaytirishdan iborat.

Veb-sayt: uzcard.uz
Facebook: fb.com/uzcard
Instagram: @uzcard.uz
Telegram: t.me/uzcard