18–22 avgust kunlari Nukusda Ichki ishlar vazirligi va UZCARD to‘lov tizimining qo‘shma tashabbusi bo‘lgan CyberWeek dasturining mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti maydonida tashkil etilib, unda IIV, Markaziy bank, tijorat banklari, IT-kompaniyalar va OAV vakillari yig‘ildi.
Dastur doirasida ishtirokchilar moliya sohasida kiberxavfsizlik, firibgarlikka qarshi kurashish va raqamli madaniyatni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi. Dastur tarkibiga matbuot anjumani, panel muhokamalar hamda amaliy modullar kiritildi, unda ekspertlar to‘lov xizmatlarini himoya qilish va zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.
UZCARD axborot xavfsizligini ta’minlash direktori Andrey Shishkin:
«Bugun kiberxavfsizlik masalasi — bu fuqarolarning raqamli xizmatlarga bo‘lgan ishonchi masalasidir. CyberWeek kabi tashabbuslar ekspertlar va amaliyotchilarni birlashtirib, firibgarlikka qarshi kurashish va foydalanuvchilarni himoya qilish bo‘yicha real yechimlarni ishlab chiqishga imkon beradi. Biz uchun juda muhimki, raqamli transformatsiyaning har bir qadami xavfsizlik darajasining oshishi bilan birga kechishi».
Nukusdagi CyberWeek avvalroq Farg‘ona va Samarqandda bo‘lib o‘tgan tadbirlar seriyasini davom ettirib, O‘zbekistonda foydalanuvchilar uchun xavfsiz raqamli muhitni shakllantirish yo‘lida navbatdagi qadam bo‘ldi. Bunday professional tadbirlar bugungi kunda kiberxavfsizlikni rivojlantirish davlat, biznes va jamiyatning qo‘shma sa’y-harakatlarisiz imkonsiz ekanligining yaqqol dalilidir.