2025-yil 19–22-avgust kunlari Nukusda CyberWeek dasturining navbatdagi mintaqaviy bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bu — Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi va UZCARD to‘lov tizimining hamkorlikdagi tashabbusi bo‘lib, raqamli savodxonlikni rivojlantirish va kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan. Tadbir Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti binosida o‘tkaziladi.
Dastur Markaziy bank, IIV va UZCARD vakillari ishtirokidagi matbuot anjumani bilan ochiladi. Unda foydalanuvchilarni himoya qilish, naqd pulsiz to‘lovlar sohasidagi firibgarliklarga qarshi kurashish va mamlakatda xavfsiz raqamli infratuzilmani shakllantirish bo‘yicha asosiy tashabbuslar muhokama qilinadi.
Keyingi kunlarda tijorat banklari, davlat idoralari va texnologik kompaniyalar xodimlari uchun amaliy seminarlari o‘tkaziladi. Nukusdagi tadbir dasturiga kiberxavfsizlik va to‘lov texnologiyalari sohasidagi eng dolzarb masalalarni qamrab oluvchi asosiy sessiyalar va muhokamalar kiritilgan. Panel muhokamalarida ekspertlar zamonaviy kiberxavf-xatarlarga qarshi kurashish va moliyaviy infratuzilmani himoya qilish bo‘yicha yondashuvlarni taqdim etadilar. Alohida blok esa to‘lov tizimlarini rivojlantirish, ularni yangi raqamli servislar bilan integratsiya qilish istiqbollari hamda open banking texnologiyalarini joriy etish masalalariga bag‘ishlanadi.
Muhokamalardan tashqari, ishtirokchilar kiberxavfsizlikni joriy etish va yangi vositalarni real sharoitlarda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladigan amaliy sessiyalar ham rejalashtirilgan.
Spiker sifatida UZCARDning yetakchi mutaxassislari, shuningdek IIV va Markaziy bank vakillari qatnashadilar. Nukusdagi CyberWeek raqamli madaniyatni rivojlantirish va to‘lov infratuzilmasini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturda muhim bosqich bo‘ladi. Bungacha Farg‘ona va Samarqandda o‘tkazilgan tadbirlar davlat va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqotning raqamli xavfsizlik sohasida yuqori talabga ega ekanini tasdiqladi.