21-oktabr kuni UZCARD to‘lov tizimi ofisida Qirg‘iziston Respublikasi Elektron tijorat uyushmasi (E-commerce Association of Kyrgyzstan) vakillari bilan tanishtiruv uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tashrifning asosiy maqsadi — raqamli to‘lovlar, onlayn savdo va naqdsiz hisob-kitoblar infratuzilmasi yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish hamda tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida tomonlar mintaqada elektron tijoratning rivojlanishiga doir dolzarb tendensiyalar, tartibga solish va standartlashtirish masalalari, shuningdek elektron kommersiyani rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy raqamli yechimlarni biznes muhitiga joriy etishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni muhokama qildilar.
Alohida e’tibor transchegaraviy o‘zaro hamkorlik masalalariga qaratildi: joriy yilning iyul oyida UZCARD va ELKART O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul o‘tkazmalari tizimini ishga tushirdi; bu Markaziy Osiyoda yagona to‘lov makonini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Har ikki tomon vakillari elektron xizmatlarni rivojlantirishning strategik ahamiyatini ta’kidlab, innovatsion to‘lov texnologiyalari va e-commerce sohasida keyingi hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar.