UZCARD yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni rivojlantirish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

UZCARD kompaniyasi yoshlar orasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ijtimoiy dasturda ishtirok etdi. Ushbu tashabbus Markaziy bank va bir qator hamkor banklar ko‘magida amalga oshirilmoqda hamda ma’rifiy infratuzilmani rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Loyihaning bir qismi sifatida butun respublika bo‘ylab mahallalarda 100 ta yangi kutubxona ochildi va ular UZCARD tomonidan ma’rifiy stol o‘yinlari bilan ta’minlandi. Kompaniya “Moliyaviy kod: Men kimman?” o‘yinining 50 nusxasini va “Biznes-kod” to‘plamining 100 komplektini taqdim etdi. Ushbu o‘yinlar bolalar va o‘smirlarni moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik asoslari bilan o‘yin shaklida tanishtiradi hamda ular asosiy iqtisodiy tushunchalarni qiziqarli interaktiv vositalar orqali o‘zlashtirishga yordam beradi.

Yigirma mahalladagi kutubxonalar tantanali ochilish marosimlari animatsion dasturlar, ko‘ngilochar o‘yinlar va shaxsiy moliyani xavfsiz boshqarish bo‘yicha o‘quv roligining namoyishi bilan o‘tdi.

Yangi tashabbus natijasida mahalla kutubxonalari bolalar uchun ta’limiy markazlarga aylandi. Bu markazlarda ular mas’uliyatli moliyaviy qarorlar qabul qilishni, tadbirkorlik fikrlashini rivojlantirishni va zamonaviy dunyoda zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni egallashni o‘rganmoqdalar.