“Global Money Week 2025” xalqaro kampaniyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tashabbusi, tijorat banklari ko‘magida va UZCARD to‘lov tizimi bilan hamkorlikda mamlakatimiz umumta’lim maktablarida moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha ochiq darslar tashkil etildi. Ushbu ma’rifiy tadbirlar butun mamlakat bo‘ylab 421 nafar maktabni qamrab oldi va minglab o‘quvchilarga asosiy moliyaviy bilimlarga ega bo‘lish imkonini berdi.
Bu gal Toshkent viloyatining Bo‘ka shahridagi 1 va 3-sonli maktablarda ma’rifiy ochiq darslari o‘tkazildi, unda UZCARD mutaxassislaridan iborat guruh sakkizinchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashdi.
Dastur 12 yosh va undan katta yoshdagilar uchun maxsus moslashtirilgan bo‘lib, jonli muloqot, interfaol savollar va kundalik hayotdan misollar asosida yaratilgan.
Darslar davomida maktab o‘quvchilari quyidagilarni o‘rgandilar:
- pulga nisbatan mas’uliyatli munosabat qanday shakllanadi;
- moliyaviy firibgarlikning qanday turlari mavjud va ularning qurboniga aylanishdan qanday himoyalanish kerak;
- bank va to‘lov tizimi nima va unda UZCARD qanday rol o‘ynaydi;
- raqamli muhitda o‘zini qanday xavfsiz tutish kerakligi.
Asosiy e’tibor oddiy va amaliy ko‘nikmalarga qaratildi: naqd pulsiz to‘lovlar tamoyillarini tushunishdan tortib, bank kartalari va onlayn xizmatlardan foydalanishda ongli xatti-harakatlargacha.
Ma’ruza formati dialogga asoslangan edi: o‘quvchilar savollar berib, hikoyalar bilan ulashishdi va mazkur soha mutaxassislaridan tushunarli ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Loyiha erta yoshdan boshlab moliyaviy madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan va yosh avlod o‘rtasida raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha kengroq strategiyaning bir qismidir.
Global Money Week mamlakatimizning barcha viloyatlarini qamrab olmoqda va UZCARDning unda ishtirok etishi – ongli va moliyaviy jihatdan bilimdon fuqarolarni tarbiyalashga qo‘shgan hissasidir.