Bosh direktorning murojaati

UZCARD toʻlov tizimining hurmatli mijozlari va karta egalari!

19 yil oldin, 2004 yilda bizning kompaniyamiz – “Yagona umumrespublika protsessing markazi” MChJ – elektron toʻlovlarning ekvayring va protsessing xizmatlarini koʻrsatish uchun tashkil etilgan. Oʻzbekistondagi milliy toʻlov tizimlaridan biri hisoblangan Kompaniyamiz har doim faoliyat yuritishning yuqori standartlariga, korporativ javobgarlikka rioya qilishga intilgan.

Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, uning nomidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yirik kompaniyalar faoliyati ham respublikamiz aholisi foydasiga yoʻnaltirilishi uchun faol choralar koʻradi, islohotlar oʻtkazadi va tartibga soluvchi muhitni rivojlantiradi. Xususan, 2023 yil iyun oyida tovar va moliya bozorlarida raqobatni cheklashning oldini olish hamda raqobat sharoitida iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi. Kompaniyamiz insofli raqobatni ragʻbatlantirish orqali mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan ushbu qonunni qizgʻin qoʻllab-quvvatlaydi. Mazkur qonun bilan kiritilgan oʻzgarishlar biz 2022 yilda boshlagan va 2023 yilda yanada samarali, shaffof va axloqiy Kompaniya boʻlish uchun davom etayotgan faoliyatimiz transformatsiyasiga ta’sir qildi.

Biz 2023 yilda ichki audit, ichki nazorat va komplayens boʻlimlarini tashkil etdik, shu jumladan ular faoliyatimiz Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiqligini ta’minlash bilan shugʻullanadi. Ushbu faollik doirasida Kompaniyamizda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunda nazarda tutilgan monopoliyaga qarshi komplayens ham joriy etildi. Monopoliyaga qarshi komplayens bizning kundalik ishimizda, shu jumladan xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda ushbu qonun qoidalarining buzilishlarini erta aniqlash va ularga yoʻl qoʻymaslik uchun oldini oluvchi nazorat tartib-taomillarini samarali amalga oshirishga imkon berdi. Shuningdek, mas’ul xodimlarimizga doimiy ravishda zarur uslubiy yordam va maslahat beruvchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga oʻz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. 2023 yilda xodimlarimiz Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan koʻplab treninglar va konferensiyalarda qatnashdilar, u yerda ular xorijiy va milliy kompaniyalarning raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha tajribalarini oʻrgandilar.

Oxirda shuni aytmoqchimanki, raqobat biz mijozlarimizga taqdim etadigan xizmatlar va mahsulotlar sifatini rivojlantirish va yaxshilashga undaydi, shuning uchun bozorning boshqa ishtirokchilari biz uchun raqobatchi emas, balki yaxshilanishimizga yordam beradigan doʻstlar va sheriklardir.

Hurmat bilan,

Olim Zakirov