2025-yil 15 va 16-iyul kunlari Samarqandda CyberWeek dasturining hududiy bosqichi – Ichki ishlar vazirligi va milliy to‘lov tizimi UZCARDning raqamli savodxonlikni oshirish va kiberxavfsizlikni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma tashabbusi o‘tkazildi. Samarqand davlat universitetida davlat tuzilmalari, bank sohasi va IT-industriyasi vakillarini birlashtirgan tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Dasturining birinchi kuni “Buyuk Ipak yo‘li” Xalqaro turizm va madaniy meros universitetida o‘tkazildi. Diqqat markazida fuqarolarni onlayn firibgarlikdan himoya qilish, kibermadaniyatni rivojlantirish va raqamli muhitda yangi tahdidlarga qarshi barqarorlik masalalari bo‘ldi.
Matbuot anjumanida davlat organlari va fintex tuzilmalar vakillari ushbu vazifalarni hal qilish bo‘yicha yondashuvlarini taqdim etdilar.
«Qancha ishonchli tizim bo‘lmasin, undagi eng zaif bo‘g‘in — bu inson. Firibgarlik — “agar” emas, “qachon”. Bugun har kim nishonga aylanishi mumkin. Shu sababli, ushbu tadbir – avvalo insonlar haqida. Bu raqamlar haqida emas. Bu kodlar haqida emas. Bu biz haqimizda», – dedi UZCARD ichki nazorat direktori Masrurxon Ishonov.
16-iyul kuni, dastur doirasida amaliy seminarda tijorat banklari, davlat muassasalari va texnologik kompaniyalar xodimlari ishtirok etdilar. Ma’ruzalarda quyidagi mavzular yoritildi:
– UZCARD to‘lov tizimi arxitekturasi,
– axborot xavfsizligi asoslari,
– raqamli firibgarlikning dolzarb ssenariylari va ularni oldini olish usullari,
– shubhali tranzaksiyalarni aniqlash texnologiyalari.
Spiker sifatida UZCARD yetakchi mutaxassislari, shuningdek, IIV va Markaziy bank vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda IIV va UZCARD vakillari asosiy xavf bugun xakerlar emas, balki ijtimoiy muhandislik sxemalari ekanligini ta’kidladilar.
«Agar inson firibgarga SMS kodni o‘zi berib qo‘ysa, uni hech qanday tizim himoya qilolmaydi. Asosiy to‘siq ongda bo‘lishi kerak», – dedi UZCARD axborot xavfsizligi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Botirjon Shokamolov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, texnik hujumlar kamdan-kam uchraydi. Ko‘proq jinoyatchilar bank nomidan qo‘ng‘iroq qilib, fishing havolalar yuborib yoki jabrlanuvchilar nomiga kreditlar ochishadi.
«Xakerlar tizimlarga hujum qiladi, firibgarlar esa insonlarga. Biz nafaqat himoyani kuchaytiramiz, balki karta egalarini ham tanqidiy fikrlashga o‘rgatamiz», – deya qo‘shimcha qildi u.
CyberWeek Samarqand bosqichi raqamli madaniyatni rivojlantirish va to‘lov infratuzilmasini mustahkamlash bo‘yicha keng qamrovli dastur tarkibiga kirdi. Samarqand — ushbu tashabbusning asosiy shaharlaridan biri: yaqin oylarda shunga o‘xshash tadbirlar mamlakatning boshqa hududlarida ham o‘tkaziladi.
Loyiha dastlab Farg‘onada boshlangan bo‘lib, 200 dan ortiq ishtirokchini jamladi. Samarqand bosqichi davlat va biznes o‘rtasida raqamli xavfsizlik sohasida dialog zarurligi va dolzarbligini yana bir bor tasdiqladi.