UZCARD to‘lov tizimi rahbariyatidagi o‘zgarishlar haqida

Hurmatli mijozlar va hamkorlar!

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ Kompaniya rahbariyati tarkibidagi joriy o‘zgarishlar haqida xabar beradi. Bu o‘zgarishlar kompaniyamiz tarixida yangi sahifani ochib, ulkan strategik maqsadlarga erishish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi.

2024-yil 1-avgustdan boshlab boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida «Yagona umumrespublika protsessing markazi» AJ Ijro etuvchi organ vazifalari «UCMG» MChJ boshqaruv kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga topshirildi. Ushbu kompaniyaning rahbari David Melikidze hisoblanadi.

2020-yildan 2023-yilgacha David Melikidze TBC O‘zbekistonda muhim lavozimlarda faoliyat yuritgan, jumladan TBC Bank moliya direktori va Payme bosh direktori lavozimlarini egallagan. Kompaniyamiz janob Melikidzening strategik ko‘rsatmalari va boy tajribasini inobatga olgan holda yangi maqsad va vazifalarga erishishga katta umid bog‘laydi.

Ilgari UZCARD to‘lov tizimi Bosh direktori lavozimini egallagan Olimjon Zokirov kompaniyada Ijrochi direktor sifatida faoliyatini davom ettiradi va «YUPМ» AJning operatsion boshqaruvi uchun mas’ul bo‘ladi. Uning kasbiy tajribasi, malakasi va tezkorligi Kompaniyaning yanada rivojlanishiga va uning bozordagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ta’kidlash joizki, rahbariyat tarkibidagi o‘zgarishlar UZCARD to‘lov tizimining ishlashiga va karta egalariga ta’sir ko‘rsatmaydi. Biz avvalgidek eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etishda davom etamiz hamda karta egalari, shuningdek, ishtirokchilarimiz va hamkorlarimiz uchun xizmat ko‘rsatishning yuqori standartlarini ta’minlashga intilamiz.

 

Ishonchingiz va qo‘llab-quvvatlashingiz uchun tashakkur!