Joriy yilning 1-8 noyabr kunlari Toshkentdagi «YUNUSOBOD» sport majmuasida sport olamidagi eng muhim voqea – Taekvon-do ITF bo‘yicha jahon kubogi va IMGC versiyasi bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan ushbu tarixiy tadbirda 64 dan ortiq mamlakatdan 7 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan 1500 ga yaqin sportchi, shuningdek, xalqaro hakamlar va murabbiylar ishtirok etdi. Tadbirga UZCARD kompaniyasi homiylik qildi.
Musobaqada ishtirok etgan sportchilar nafaqat o‘zlarining yuksak sport mahoratlarini, balki ruhiy tetiklik, g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini ham namoyon etdilar.
Jahon kubogining ochilish marosimida ko‘rgazmali chiqishlar, konsert dasturi hamda taekvon-do sport turini rivojlantirish va ommalashtirishga katta hissa qo‘shgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Taekvon-do ITF musobaqalari yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z vazn toifalarida 92 ta oltin, 97 ta kumush va 217 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni Rossiya va Qirg‘iziston jamoalari egalladilar.
UZCARD turnirning barcha g‘oliblari va ishtirokchilarini tabriklab, kelgusida yanada katta yutuqlarga erishishlarini tilaydi.
Ishonchimiz komilki, Taekvon-do ITF bo‘yicha Jahon kubogi va IMGC versiyasi bo‘yicha jahon chempionati nafaqat muhim sport tadbiri, balki tajriba almashish va xalqaro aloqalarni mustahkamlash uchun muhim madaniy platforma bo‘lib xizmat qiladi. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda taekvon-do jadal rivojlanmoqda.
Sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda ajoyib natijalar ko‘rsatmoqda. Bu, ayniqsa, 2024-yilda Parijda o‘tkazilgan Yozgi Olimpiya o‘yinlarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Unda sportchilarimiz ko‘plab medallarni qo‘lga kiritib, tomoshabinlar qalbini zabt etdilar. Ushbu muvaffaqiyat o‘zbekistonlik sportchilarimizning matonati va qat’iyati, tayyorgarlik darajasining yuqoriligi hamda davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining isbotidir.
Ta’kidlash joizki, UZCARD kompaniyasi yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishni rag‘batlantirish maqsadida sport tadbirlarining doimiy homiysi sifatida ishtirok etib kelmoqda.