Dekabr oyi boshida UZCARD kompaniyasi tomonidan UNICORN amaliyot dasturi ishga tushirildi. Uning doirasida MDIST va INHA universitetlaridan 8 nafar talaba fintex sohasidagi loyihalar ustida ishlash va jadal ta’lim olishni boshladi. UZCARD ofisida 9 oy davom etadigan bu amaliyot ishtirokchilarga innovatsiyalar va texnologiyalar sohasidagi karyeralariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan eng muhim texnik va biznes ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatini beradi.
UNICORN dasturi 6 oylik jadal ta’limni o‘z ichiga oladi. Bu davr mobaynida talabalar Agile uslubiyati asosida loyihalarni boshqarish, Lean Startup Canvas yordamida biznesni modellashtirish, moliyaviy hisob va xatarlarni boshqarish asoslari, shuningdek, ma’lumotlar bilan ishlash va marketing kabi asosiy yumshoq va qattiq ko‘nikmalarni o‘zlashtiradilar.
Amaliyot davomida jamoaviy ishlash, ommaviy nutq so‘zlash, vaqtni boshqarish va samarali muloqot qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Dasturning keyingi 3 oylik qismida loyihalar ustida ishlash rejalashtirilgan bo‘lib, bu doirada ishtirokchilar UZCARD jamoasining tajribali murabbiylar yordamida moliyaviy texnologiyalar sanoati uchun innovatsion mahsulotlarni noldan ishlab chiqishlari mumkin. Bu ularga nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llash, shuningdek, tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan soha uchun haqiqiy yechimlar yaratish imkoniyatini beradi.
Amaliyotga saralash jarayoni test sinovlari, vaziyatli masalalarni hal qilish va yakuniy suhbatlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, natijada 8 nafar talaba tanlab olindi. UNICORN stajirovkasining navbatdagi tanlovi joriy yilning fevral oyida boshlanadi.
UNICORN dasturi tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan texnologiyalar va moliya sohalari uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga mo‘ljallangan bo‘lib, talabalarga innovatsion va qo‘llab-quvvatlovchi muhitda o‘z ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda real loyihalar ustida ishlash uchun noyob imkoniyat taqdim etadi.