UZCARD va «Innotex» KG fintex startaplarini masshtablashtirish bo‘yicha «Startup Bridge» qo‘shma akseleratsiya dasturi ishga tushirilganini e’lon qiladi

2022-yil 27-yanvar, Toshkent, O‘zbekiston. O‘zbekiston Respublikasi milliy to‘lov operatori UZCARD va bank sohasini raqamlashtirish bo‘yicha yuqori texnologiyali yechimlarning yetakchi ta’minotchisi «Innotex» KG “Startup Bridge” xalqaro akseleratsiya dasturini ishga tushirmoqda. Uning maqsadi eng yaxshi texnologik loyihalarni izlash va rivojlantirish, yosh tadbirkorlarni o‘qitish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekistondan Rossiya moliyaviy texnologiyalar bozoriga startaplar ekspansiyasiga ko‘maklashishdan iborat.

«Startup Bridge» dasturi 2022-yil 28-fevralda ishga tushadi. Unda Crowd-financing, BNPL, PFM, B2B SaaS va boshqa ishlab chiqilgan prototip yoki MVP, shuningdek hisoblangan biznes modeliga ega bo‘lgan texnologik loyihalar asoschilari ishtirok etishlari mumkin.

O‘zining innovatsion biznesini Rossiya bozorida masshtablashtirishdan manfaatdor yosh tadbirkorlar professional murabbiylar va trekerlar ko‘magida 10 haftalik maxsus kursdan o‘tishlari mumkin bo‘ladi. Loyiha doirasida ishtirokchi startaplar Rossiyaning eng yirik texnologik kompaniyalari bilan hamkorlikda pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yishlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ularga soha jihatidan qo‘llab-quvvatlash va o‘z ishlanmalarini xalqaro tashkilotlar ekotizimiga integratsiya qilish imkoniyati taqdim etiladi. Natijalariga ko‘ra 10 ta eng yaxshi ishtirokchi loyihalar 25-may kuni “Demo Day”da o‘z yutuqlarini namoyish qilishlari mumkin, bu yerda ular UZCARD Ventures va «Innotex» KG, shuningdek, Rossiyaning venchur ekotizimining asosiy vakillaridan kapital jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. O‘qish davomida muvaffaqiyat qozongan 5 nafar startap asoschilari tashkilotchi kompaniyalardan Rossiyaning fintex ekotizimlari bilan tanishish va potentsial hamkorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Moskvaga tashrif buyurish uchun taklifnomani qo‘lga kiritadilar.

Dastur UZCARD korporativ akseleratori maydonida o‘tkaziladi. Arizalarni yig‘ish 2022-yil 18-fevralgacha (shu jumladan), https://startup-bridge.uzcard.uz. saytida amalga oshiriladi. «Startup Bridge» – UZCARD va «Innotex» KG o‘rtasida ilmiy va tijorat vazifalari sohasida davom etayotgan hamkorlik doirasidagi noyob akseleratsiya loyihasi bo‘lib, bu boradagi kelishuv ikki kompaniya o‘rtasida 2021-yil sentabr oyida Kazan Digital Week 2021 xalqaro forumida imzolangan edi.

“Xalqaro fintex sektorini rivojlantirish uchun kompaniyalarga eng yaxshi tajribalarni almashish, bozorga yangi o‘yinchilarni olib kirish, sog‘lom raqobatni saqlash muhim ahamiyatga ega. Yosh tadbirkorlar va ularning innovatsion yechimlari bozorni banklar va moliya institutlari o‘z bizneslarini diversifikatsiya qilish, ekotizimlarni yaratish va raqamli platformalarni joriy etishda foydalanishi mumkin bo‘lgan yangi xizmat modellari bilan boyitishga yordam bermoqda. «Innotex» KG va UZCARD ning “Startup Bridge” loyihasi O‘zbekistonning eng zo‘r aql egalariga o‘zini namoyon etish, faoliyati geografiyasini kengaytirish, shuningdek, IT va fintex mahsulotlariga ortib borayotgan talabni qoplash imkonini beradi”,deya ta’kidlaydi «Innotex» KG bosh direktori Igor Kalganov.

“UZCARD «Innotex» KG bilan birgalikda bozorga yuqori texnologiyalar sohasida sifatliroq, puxta o‘ylangan yechimlarni olib chiqish hamda ularni kelgusida biznes amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha tashabbuslarni faol amalga oshirishda davom etmoqda. «Startup Bridge» dasturi innovatsion faoliyatni rivojlantirish va venchur kapitalni O‘zbekiston Respublikasiga jalb etishga qaratilgan. Loyihaga texnologik startaplar sohasidagi eng yaxshi mentorlar jalb qilinadi, ular yordamida ishtirokchilar xalqaro maydonda o‘z bizneslari salohiyatini ochib berishlari mumkin bo‘ladi”,dedi UZCARD bosh direktori Farrux Ziyaev.

«Innotex» KG 2020-yildan beri bank sohasini raqamlashtirish bo‘yicha innovatsion yechimlarni ishlab chiquvchi zamonaviy yuqori texnologiyali tez rivojlanayotgan kompaniyadir. «Innotex» KG Rossiyaning eng yirik bank tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi, shuningdek, Yaqin Sharq, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoda faol hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yadi. Kompaniya haqida batafsil ma’lumotni rasmiy saytdan topishingiz mumkin.

UZCARD – O‘zbekiston Respublikasining yetakchi milliy to‘lov operatori. Kompaniya faoliyatining asosiy maqsadi – milliy to‘lov biznesi sohasida mahsulotlarni doimiy izlash, rivojlantirish va takomillashtirish, zamonaviy servisni modernizatsiya qilish, fintex sanoati sohasida xizmatlarni ko‘paytirish hisoblanadi. Kompaniya haqida batafsil ma’lumotni rasmiy saytdan topishingiz mumkin.