UZCARD FORUM 2024 doirasida O‘zbekistonning yetakchi to‘lov operatori UZCARD hamda moliyaviy muassasalar uchun sun’iy intellekt sohasidagi peshqadam Zypl.ai «1ziyo.ai» nomi ostida qo‘shma korxona (QK) tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishdi.
Zypl.ai – kredit skoringi va mikromoliyalash kabi moliyaviy xizmatlarni avtomatlashtirish uchun generativ neyron tarmoqlarni qo‘llovchi fintek startapdir. 2021-yilda Tojikistonda asos solingan kompaniya banklar va mikromoliya tashkilotlarining qaror qabul qilish jarayonlariga yordam beradigan ma’lumotlar tahlili modellarini takomillashtirish uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlardan foydalanadi. Hozirgi kunda Zypl.ai 13 mamlakatda faoliyat yuritib, 50 ta bank va mikromoliya tashkilotiga xizmat ko‘rsatmoqda.
«1ziyo.ai» O‘zbekistondagi birinchi kompaniya sifatida har ikki tomonning tajribasi va texnologiyalarini birlashtirgan holda, mamlakat moliya institutlarida xavflarni baholash, firibgarliklarni aniqlash, tranzaksiyalarni monitoring qilish va portfelni shakllantirish jarayonlarida tub o‘zgarishlar yaratishga qodir sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqadi. Sun’iy intellekt yechimlari zypl.ai ning generativ neyron tarmog‘i yordamida sintetik ma’lumotlar yaratish uchun turli xil ma’lumotlar manbalaridan foydalanishga asoslanadi.
Zypl kompaniyasining asosiy raqobatbardosh ustunligi sun’iy intellektga asoslangan sintetik ma’lumotlarni yaratishning noyob texnologiyasi – zGAN hisoblanadi. U optimal miqdordagi cheklanmalarni yaratish orqali mashina o‘rganish modellarining bashorat qilish aniqligini oshiradi*. zGAN turli xil ssenariylarni, shu jumladan sun’iy intellekt modelini o‘qitishda odatda istisno qilinadigan «qora oqqush» holatlarini stress-test qilish orqali model barqarorligini ta’minlaydi.
Zypl kompaniyasi o‘zining zGAN mahsulotiga patent olish jarayonidadir. Shuningdek, kompaniya yangi Lucid – generativ sun’iy intellekt platformasini ishlab chiqdi. U tasniflash va moliyaviy xatarlarni aniqlash (kredit skoringini takomillashtirish, firibgarlikni aniqlash, tranzaksiyalarni kuzatish, undiruvni bashorat qilish) modellarini o‘qitish uchun yechimlarni taqdim etadi.
Shunday qilib, UZCARD va zypl.ai o‘rtasidagi qo‘shma korxonaning tashkil etilishi O‘zbekiston moliya sektorining raqamli transformatsiyasida muhim qadam bo‘lib, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlaydi hamda moliya institutlari va mamlakatning butun moliyaviy ekotizimi, shu jumladan to‘lov tizimlari va raqamli yechimlarning yanada o‘sishi va rivojlanishi uchun zamin yaratadi.
*Cheklanmalar – bu tanlanmaning qolgan qismidan sezilarli darajada farq qiladigan va kamdan-kam uchraydigan, ammo muhim hodisalarni aks ettirishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar.