Asosiy Yangiliklar UZCARD yangi «Kod orqali naqd pul yechish» xizmatini taqdim etdi

2022 yil 29 iyun kuni UZCARD “Qishloq Qurilish Bank” ATB bilan hamkorlikda amalga oshirilgan yangi, UZCARD foydalanuvchilariga bankomatlardan kartaning ishtirokisiz naqd pul mablag‘larini yechib olish imkonini beruvchi “Kod orqali naqd pul yechish” xizmatini taqdim etdi. Taqdimot “Qishloq Qurilish Bank” ATB tomonidan «IMPACT.T» kovorking markazida tashkil etilgan va zamonaviy bank xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani doirasida tashkil etildi.

UZCARD muntazam ravishda xizmatlari doirasini kengaytirishga va o‘z mijozlari uchun qulayliklar yaratishga intiladi. Xozirgi kunga kelib, yangi “Kod orqali naqd pul yechish” xizmati, “Qishloq Qurilish Bank” ATB tomonidan ishlab chiqilgan “QUANT” mobil ilovasi o‘rnatilgan smartfonga ega bo‘lgan respublikaning barcha tijorat banklarining UZCARD kartalari foydalanuvchilari uchun mavjuddir.

“Elektron axborot tashish vositalarini, jumladan, to‘lov kartalarini virtuallashtirish jarayoni – zamonaviy bank texnologiyalari rivojlanishining asosiy yo‘nalishlaridan biridir. UZCARDning “Kod orqali naqd pul yechish” xizmatining asosiy afzalliklari plastik karta uyda qolib ketgan va shu yerda va hozir pul kerak bo‘lgan vaziyatda – bu qulaylik, vaqtni tejash va operatsiyalar o‘tkazilishidagi xavfsizlikdir. Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavflarni minimallashtirish maqsadida operatsiyani tasdiqlashning qo‘shimcha usullari joriy etildi. O‘ylaymizki, yangi xizmat UZCARD kartalari sohiblari orasida katta talabga ega bo‘ladi. Banklar esa, o‘z navbatida, yangi xizmatni joriy etish orqali o‘z bankomatlar tarmoqlarining funktsional imkoniyatlarini kengaytirib, foydalanuvchilar sonini ko‘paytirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, – deb, UZCARD bosh direktorining tijorat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xamidullina Lilya ta’kidlab o‘tdi.
Mazkur xizmatning mexanizmi juda oddiy va quyidagi bosqichlardan iborat:

1-qadam. QUANT mobil bank ilovasini ochish va menyudan “Naqd pulni olish” bandini tanlash. Yangi xizmatni faollashtirish uchun QUANT foydalanuvchilari uni oxirgi versiyaga qadar yangilashlari kerak bo‘ladi.

2-qadam. Kerakli mablag‘ miqdori kiritiladi va 30 daqiqa davomida amal qiladigan xavfsizlik kodi ilovaga kelib tushadi.

3-qadam. Bankomatning menyusidan «Kod orqali naqd pul olish” bo‘limini tanlash va ilovagi oldinroq kelib tushgan tasdiqlash kodini kiritish.

4-qadam. Kod tekshirishdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, bankomat ekranida tanlangan mablag‘ va 1% miqdoridagi standart komissiyani aks etadi. Ushbu xizmatdan foydalanuvchidan qo‘shimcha to‘lov olinmaydi.

5-qadam. Xavfsizlik maqsadida foydalanuvchining mobil telefon raqamiga, bankomat ekranidagi grafaga kiritilishi kerak bo‘lgan bir martalik SMS-kodi yuboriladi. Ushbu SMS-kod faqat 3 daqiqa davomida faol holatda bo‘ladi.

6-qadam. Ma’lumotlar kiritilib, tasdiqlaganidan so‘ng foydalanuvchi naqd pul mablag‘larini oladi.
Ayni paytda “Kod orqali naqd pul yechish” xizmati, UZCARD kartalari egalari uchun mobil ilovada va “Qishloq Qurilish Bank”ning bankomatlarida mavjud. Shu bilan birga, UZCARD jamoasi dasturiy ta’minotning funktsional imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha doimiy ravishda jadal ishlarni olib bormoqda, buning natijasida bankomatlar tarmog‘i va yangi xizmatni ulagan hamkor banklar ro‘yxati doimiy ravishda yangilanib boradi.

Taqdimot davomida, real vaqt rejimida “Qishloq qurilish bank”ning bankomati orqali xizmatning ishlashi namoyishi o‘tkazildi. Bundan tashqari, tadbirning boshqa ishtirokchilari tomonidan yangilangan “QUANT” bank ilovasi hamda UZINFOCOMning “Biometrik raqamli identifikatsiyalash tizimi MyID” xizmati taqdim etildi.