UZCARD Academy Data Science, Python va kiberxavfsizlik yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarning uchinchi oqimi uchun ta’lim dasturi boshlanganini e’lon qiladi. Dastur starti doirasida yangi oqim ishtirokchilari uchun ochiq Welcome Day tadbiri bo‘lib o‘tdi. O‘quv jarayoni 2026-yil may oyida boshlanib, besh oy davom etadi.
Dastur zamonaviy texnologik yechimlar bilan ishlay oladigan hamda o‘z bilimlarini real vazifalarda qo‘llay oladigan mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan. Ishtirokchilar soha ekspertlari rahbarligida tizimli nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladilar.
Dasturga saralash bir necha bosqichda amalga oshiriladi hamda mantiqiy fikrlash va IQ bo‘yicha test sinovlari, til ko‘nikmalarini tekshirish, shuningdek, matematika fanidan oflayn test sinovlarini o‘z ichiga oladi. Tanlov natijalariga ko‘ra eng kuchli ishtirokchilardan iborat guruh shakllantiriladi: Toshkent shahrida 100 nafar, hududlarda — Samarqand va Buxoroda esa 60 nafar ishtirokchi uchun ta’lim to‘liq bepul bo‘ladi.
Yangi oqimda dastur ilk bor poytaxtdan tashqarida ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Toshkentda o‘quv jarayoni gibrid formatda, hududlarda esa onlayn formatda tashkil etiladi. Bu esa turli shaharlardagi ishtirokchilar uchun sifatli IT-ta’limni yanada ochiq va qulay qilish imkonini beradi.
Ta’lim jarayoni amaliyot va bozor talablariga yo‘naltirilgan. Dastur yakunida eng yaxshi bitiruvchilar stajirovkaga tavsiya etiladi hamda fintex sohasida, jumladan, UZCARDda keyingi ishga joylashish imkoniyati bilan faoliyatini boshlash imkoniga ega bo‘ladi.
Dasturning rasmiy ochilish marosimi 2-may kuni Welcome Day formatida bo‘lib o‘tdi, o‘quv jarayoni esa 5-may kuni boshlanishi rejalashtirilgan.
“Biz ma’lumotlar tahlili, dasturlash va kiberxavfsizlik sohalarida mutaxassislarga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘ryapmiz. Bizning vazifamiz nafaqat ishtirokchilarga ta’lim berish, balki ularda amaliy fikrlash va real loyihalarda ishlashga tayyorlikni shakllantirishdan iborat. Uchinchi oqimda biz dasturning geografiyasini kengaytirmoqdamiz, bu orqali hududlardagi iqtidorli nomzodlarga sifatli IT-ta’lim olish imkoniyatini yaratamiz. Biz uchun bitiruvchilar rivojlanishi va fintex industriyasida, jumladan, UZCARD jamoasida o‘z o‘rnini topishi mumkin bo‘lgan ekotizimni yaratish muhim”,— deya izoh berdi UZCARD Academy rahbari Farrux Tursunxo‘jayev.
UZCARD Academy moliyaviy texnologiyalar sohasida IT-kompetensiyalarni rivojlantirish va kadrlar salohiyatini shakllantirishga qaratilgan ta’lim tashabbusidir. Akademiya yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash uchun sharoit yaratgan holda ta’lim dasturlari, amaliyotga yo‘naltirilgan o‘quv jarayoni va industriya bilan hamkorlikni birlashtiradi.