UZCARD va ELKART transchegaraviy to‘lov yechimlari kelajagini muhokama qildi

24-yanvar kuni «Banklararo protsessing markazi» yopiq aksiyadorlik jamiyatining (Qirg‘iziston Respublikasidagi ELKART milliy to‘lov tizimi operatori) 20 yillik yubileyiga bag‘ishlangan tantanali tadbir doirasida panel munozarasi o‘tkazildi. Unda ekspertlar milliy to‘lov tizimlarini, jumladan, O‘zbekistondagi UZCARD tizimini rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

Transchegaraviy hamkorlikka bag‘ishlangan sessiyada UZCARD ijrochi direktori Olimjon Zokirov O‘zbekistonda to‘lov yechimlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha qarashlari bilan o‘rtoqlashdi, shuningdek, UZCARDning shakllanish xronologiyasi – ish haqi loyihalarini ishga tushirishdan boshlab elektron tijorat yechimlarini joriy etishgacha bo‘lgan davr haqida so‘zlab berdi.

UZCARD faoliyatining tijorat jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Panel muhokamasida ishtirok etuvchilar yuqori raqobatli bozorda raqobatbardoshlikni saqlab qolish strategiyalarini, jumladan, tarif siyosati, banklararo to‘lovlar va emitentlar uchun foydalarni muhokama qildilar.

Bundan tashqari, bankomatlarni HUMO to‘lov tizimiga joriy etish tajribasi muhokama qilindi, mavjud qiyinchiliklar va erishilgan natijalar tahlil etildi, shuningdek, terminallar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha kelgusi bosqichlar belgilab olindi. Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi POS-terminallar hamda bankomatlarda ikkala to‘lov tizimi (UZCARD va ELKART) kartalarining o‘zaro qabul qilinishini ta’minlashga yo‘naltirilgan transchegaraviy hamkorlik masalasi muhim jihat bo‘ldi. Bu hamkorlik to‘lov operatsiyalarini soddalashtirish, foydalanuvchilar uchun qulaylikni oshirish va Markaziy Osiyoda naqd pulsiz hisob-kitoblar imkoniyatlarini kengaytirish imkonini beradi.

Panel sessiyasidagi muhokamalar to‘lov tizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va moliyaviy texnologiyalar sohasiga innovatsion yechimlarni joriy etishda muhim qadam bo‘ldi. Kelajakda bunday tashabbuslar to‘lov tizimlarini global moliyaviy ekotizimga integratsiya qilishga yordam beradi.

Ta’kidlash joizki, tadbir doirasida UZCARD to‘lov tizimi xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun «Yil hamkori» mukofotiga sazovor bo‘ldi.

UZCARD va ELKART o‘rtasidagi hamkorlik bank sektorida xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, shuningdek, to‘lov xizmatlari bozorida yanada raqobatdosh muhitni yaratishga xizmat qiladi.