UZCARD va O‘zbekiston IIV: fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash hamda firibgarlikka qarshi kurashishga yo‘naltirilgan memorandum imzolandi

19-dekabr kuni UZCARD ofisida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan UZCARD to‘lov tizimi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandum firibgarlikka qarshi kurashish, fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash va kiberxavfsizlik darajasini oshirishga  qaratilgan. Bitimning asosiy maqsadi xavfsiz moliyaviy muhitni yaratish hamda aholining moliyaviy va raqamli savodxonligini oshirish uchun kuchlarni birlashtirish bo‘lib, bu maqsadga qo‘shma ta’lim va ma’rifiy dasturlar orqali erishiladi.

Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish va fuqarolarni kibertahdidlardan himoya qilish bo‘yicha qo‘shma strategiyalarni ishlab chiqish, O‘zbekiston aholisining shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarini o‘g‘irlashning oldini olishga qaratilgan ilg‘or tajribalarni o‘rganish va joriy etishni qamrab oladi. Shuningdek, tomonlar hududlarga alohida e’tibor qaratgan holda aholining raqamli va moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, jumladan treninglar, seminarlar va axborot kampaniyalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish to‘g‘risida kelishib oldilar. .

“UZCARD kompaniyasi bilan imzolangan memorandum moliyaviy himoya va kiberxavfsizlikni oshirish sohasida samarali hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Internet firibgarligi tobora avj olayotgan bir paytda, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat va xususiy sektor kuchlarini birlashtirish naqadar muhimligini anglab yetmoqdamiz. Ushbu hamkorlik doirasida fuqarolarimizga moliya va raqamli texnologiyalar olamida ishonch bilan harakat qilishlariga ko‘maklashadigan ta’lim dasturlarini ishlab chiqamiz,” – deya ta’kidladi IIV Kiberxavfsizlik markazi boshlig‘i Behzod Mamajonov.

Ushbu memorandumning eng muhim maqsadi aholining raqamli dunyodagi xavfsizlik choralari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish hamda kiberfiribgarlik bilan bog‘liq tobora kuchayib borayotgan tahdidlarga qarshi kurashishdan iborat.

«O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlik barcha fuqarolarimiz uchun xavfsiz raqamli muhit yaratishda muhim qadam hisoblanadi. Biz doimo aholining moliyaviy va raqamli savodxonligini oshirishga, shuningdek, firibgarlik va kibertahdidlar xavfini kamaytirishga imkon beradigan texnologiyalarni rivojlantirishga intilamiz. Ishonchim komilki, faqat birgalikdagi sa’y-harakatlar orqaligina kiberxavfsizlik va fuqarolarning moliyaviy manfaatlarini himoya qilish sohasida haqiqiy natijalarga erishish mumkin,» – deya ta’kidladi («UCMG» MCHJ bosh direktori David Melikidze.

Ushbu hamkorlik biznes, davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar uchun barqaror platforma yaratishga qaratilgan. Bu hamkorlik natijasida fuqarolarning raqamli moliya tizimlariga bo‘lgan ishonchining ortishi, aholining moliyaviy savodxonligining oshishi  va tarmoqdagi xavfsizlikning mustahkamlanishi kutilmoqda.