UZCARD tashkiliy-huquqiy shaklini oʻzgartirdi

2024-yil 23-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligida (ILMA) “Yagona umumrespublika protsessing markazi” (UZCARD savdo belgisi) aksiyalarining boshlangʻich emissiyasi boʻlib oʻtdi.

UZCARDning MChJdan AJga oʻtishi

Eslatib oʻtamiz, UZCARD 2024-yil 9-aprel kuni rasman mas’uliyati cheklangan jamiyatdan (MChJ) aksiyadorlik jamiyatiga (AJ) aylantirildi.

Oʻzgarish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. Unga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan boshlab toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlari faoliyatini faqat aksiyadorlik jamiyati shaklida yaratish va yuritish talabi joriy etildi.

UZCARD barcha qonun hujjatlariga va qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda, qonun ijrosini davlat tomonidan belgilangan muddatdan oldinroq amalga oshirdi. Kompaniya nomi, yuridik manzili va bank rekvizitlari oʻzgarishsiz qolmoqda.

Ushbu oʻzgarish bank kartalari egalariga qanday foyda keltiradi? 

 UZCARD oʻz foydalanuvchilariga yanada yaqinlashadi. Saytda koʻproq ma’lumotlar: moliyaviy hisobotlar, xodimlar va boshqaruv toʻgʻrisidagi ma’lumotlar paydo boʻladi. Bank kartalari egalari va hamkorlarga UZCARD bilan yaxshiroq tanishishga yordam berish maqsadida ustav, missiya, rivojlanish strategiyasi, yillik hisobot, shuningdek boshqa muhim hujjatlar joylanadi.

Bank kartalari egalari uchun barcha xizmatlar avvalgi tartibda taqdim etilaveradi.

Bu UZCARD uchun qanday imkoniyatlarni ochadi?

 UZCARD uchun bu kompaniyaning qadriyatlari va missiyasini aks ettiruvchimoliya sohasidagi yangi texnologiyalardan foydalanishdagi muhim qadam hisoblanadi.

AJga aylantirish korporativ boshqaruv darajasining oshishiga yordam beradi. Bu esa mijozlar va kompaniya hamkorlarining ishonchini mustahkamlaydi. Korporativ boshqaruv darajasini oshirish bu qaror qabul qilishning yanada samaradorligi va shaffofligini anglatadi, barcha jarayonlarda nazorat tartib-taomillarini kuchaytiradi.

Bundan tashqari, “UZCARD” AJ sifatida oʻz faoliyati toʻgʻrisida muntazam va shaffof hisobotlar taqdim etib boradi. Bu esa ishonchlilik va barqarorlik yoʻlida qoʻshimcha ishonchni ta’minlaydi.

UZCARD aksiyadorlik jamiyati sifatida rivojlanishining yangi bosqichiga tayyor. U har doim muvaffaqiyat, innovatsiya va oʻsishga intiladi.

UZCARD milliy toʻlov tizimi haqida

UZCARD Oʻzbekistonning birinchi milliy toʻlov tizimi hisoblanadi. 2024-yil oktabr oyida kompaniya oʻzining 20 yilligini nishonlaydi.

UZCARD toʻlov operatsiyalari xavfsizligi, elektron toʻlovlar protsessingini ta’minlaydi, shuningdek, tijorat banklari, toʻlov kompaniyalari va bozorning boshqa ishtirokchilarini yagona dasturiy platforma asosida yagona toʻlov muhitiga birlashtiradi. Toʻlov kartalari loyihalarini amalga oshirish va rivojlantirishda banklarga markazlashtirilgan yordam koʻrsatadi, moliyaviy, texnik va boshqa resurslarni tejalishini ta’minlaydi.