Markaziy bank va UZCARD Global Money Week doirasida talabalar uchun ZAKOVAT intellektual o‘yinini o‘tkazadi

4-may kuni Toshkent shahrida moliyaviy savodxonlik elchilari hamda iqtisodiy yo‘nalishga ixtisoslashmagan oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ZAKOVAT intellektual o‘yini bo‘lib o‘tadi. Tadbir yoshlarning moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan xalqaro ma’rifiy kampaniya — Global Money Week doirasida tashkil etiladi.

Global Money Week O‘zbekistonda 2020-yildan buyon Markaziy bank muvofiqligida keng miqyosda o‘tkazib kelinmoqda va shu davr mobaynida moliyaviy savodxonlikni targ‘ib qilish bo‘yicha muhim platformalardan biriga aylandi. Kampaniya tegishli vazirliklar, ta’lim muassasalari, tijorat banklari, idoralar, to‘lov tashkilotlari va boshqa hamkorlarning sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Faqat 2024-yilning o‘zida Global Money Week doirasida 123 ming nafardan ortiq maktab o‘quvchilari, talabalar va yosh mutaxassislar ishtirokida 140 dan ziyod tadbir o‘tkazildi.

2025-yilda ishtirokchi-tashkilotchilar qatoriga UZCARD milliy to‘lov tizimi qo‘shildi. Bu esa kampaniyaning hamkorlik doirasi kengayganini hamda yoshlarning moliyaviy, iqtisodiy va raqamli madaniyatini shakllantirishda xususiy sektor roli kuchayganini namoyon etdi.

Bo‘lajak ZAKOVAT o‘yini Markaziy bank tomonidan UZCARD bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Iqtisodiy bo‘lmagan universitetlarda moliyaviy savodxonlik elchilari” ta’lim dasturining intellektual davomi bo‘ladi. Loyiha respublika bo‘ylab 30 ta universitetni qamrab oladi hamda elchilarga tayyorgarlikdan o‘tish, moliyaviy bo‘lmagan yo‘nalishlar talabalari esa moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘quv kursini o‘zlashtirish imkonini beradi.

ZAKOVAT formati ishtirokchilarga nafaqat o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazish, balki tahliliy fikrlash, jamoada ishlash va noodatiy vaziyatlarda qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini yaratadi. Yoshlar kundalik hayotda duch keladigan moliyaviy masalalarni amaliy jihatdan tushunishga alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, shaxsiy budjetni boshqarish, moliyaviy xizmatlardan mas’uliyat bilan foydalanish, raqamli to‘lovlar, jamg‘arma shakllantirish va moliyaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilinadi.

Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar asoslangan moliyaviy qarorlar qabul qila oladigan, shaxsiy resurslarini oqilona boshqaradigan hamda zamonaviy raqamli iqtisodiyot sharoitida ishonch bilan harakatlana oladigan moliyaviy savodli yoshlar avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.

Kutilishicha, o‘yinda ishtirok etish talabalar uchun nafaqat foydali ta’limiy tajriba, balki kasbiy rivojlanish, yetakchilik fazilatlarini mustahkamlash hamda moliyaviy savodxonlikka muhim hayotiy kompetensiya sifatida qiziqishni oshirish uchun qo‘shimcha rag‘bat bo‘ladi.