UZCARD raqamli savodxonlikni kuchaytirmoqda: Leader maktabi uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha trening

24-dekabr kuni UZCARD xodimi — axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha direktor o‘rinbosari Botir Shokamolov poytaxtdagi Leader maktabi pedagoglari uchun kiberxavfsizlik bo‘yicha o‘quv treningini o‘tkazdi. Tashabbus ta’lim hamjamiyati vakillari orasida raqamli savodxonlik darajasini oshirish hamda raqamli muhitda xavfsiz xulq-atvorning barqaror ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Trening davomida ishtirokchilarga axborot xavfsizligi asoslari bo‘yicha tizimli sharh taqdim etildi: axborotning qimmatli aktiv sifatidagi mohiyati, raqamli muhitda mavjud xatarlar hamda bugungi kunda ma’lumotlarni himoya qilish kundalik hayotning ajralmas qismiga aylangani yoritildi. Axborotning maxfiyligi, yaxlitligi va mavjudligi tamoyillariga, shuningdek shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Amaliy qism eng ko‘p uchraydigan kiberfiribgarlik turlari va ijtimoiy injiniring usullariga bag‘ishlandi. O‘qituvchilar fishing xatlari, soxta veb-saytlar hamda messenjerlardagi shubhali xabarlarni aniqlash, aldovga urinish belgilarini ajratish bo‘yicha tushunchalarga ega bo‘ldilar. Shuningdek, raqamli servislaridan xavfsiz foydalanish va ishonchli parollarni shakllantirish bo‘yicha bazaviy tavsiyalar berildi.

Botir Shokamolov ta’kidlashicha, kiberxavfsizlik masalalarida xabardorlikni oshirish pedagoglar uchun ayniqsa muhim, chunki ular har kuni axborot bilan ishlaydi hamda bolalar va o‘smirlar bilan muloqot qiladi. O‘qituvchilar axborot xavfsizligi va firibgarlikdan himoyalanish bo‘yicha dolzarb bilimlarni egallagan holda, ushbu bilimlarni o‘quvchilarga ham yetkazishi muhim.

“Bugun kiberxatarlar kasbidan va raqamli ko‘nikmalar darajasidan qat’i nazar, har bir insonga taalluqlidir. O‘qituvchilar esa alohida mas’uliyat zonasida, chunki aynan ular yosh avlodda texnologiyalar bilan ishlash madaniyatini shakllantiradi. Bizning vazifamiz — raqamli makonda xavfsiz harakatlanishga yordam beradigan tushunarli va amaliy vositalarni taqdim etish”, — dedi Botir Shokamolov.

Leader maktabi uchun o‘tkazilgan trening UZCARDning kiberxavfsizlik bo‘yicha tizimli ma’rifiy faoliyatining mantiqiy davomi bo‘ldi.

Yil davomida kompaniya Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan hamkorlikda UZCARD tashabbusi asosida tashkil etilgan CyberWeek keng ko‘lamli ta’lim loyihasini amalga oshirdi. Tashabbus doirasida mamlakat hududlarida sayyor tadbirlar, ochiq ma’ruzalar va raqamli savodxonlikni oshirish hamda onlayn firibgarlikka qarshi kurashishga qaratilgan axborot kampaniyalari o‘tkazildi. Loyihada mediaformatlardan ham foydalanildi, jumladan Qozog‘istonning “Firibgarlar” seriali namoyishi orqali kiberxavfsizlik mavzusi keng auditoriyaga sodda va tushunarli tarzda yetkazildi.

Bunday treninglarni o‘tkazish UZCARDning raqamli texnologiyalardan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirish va naqd pulsiz infratuzilmaga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash bo‘yicha uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir.