UZCARD Asia Alliance Bank bilan birgalikda bank xodimlari uchun ekvayring infratuzilmasida savdo nuqtalarini toʻgʻri roʻyxatdan oʻtkazish va ularning faoliyat toifasini aniq belgilash masalalariga bagʻishlangan oʻquv seminari oʻtkazdi.
Ushbu parametrlarning aniqligi naqd pulsiz hisob-kitoblarning butun tizimi uchun muhim ahamiyatga ega. Biznesni ekvayringga ulashda har bir savdo nuqtasiga uning faoliyatining haqiqiy profilini aks ettiruvchi xalqaro toifa kodi – MCC beriladi. Aynan shu kod asosida komissiyalar hisoblanadi, hisobotlar shakllantiriladi, tariflar qoʻllaniladi va xalqaro toʻlov tizimlari talablariga muvofiqligi ta’minlanadi.
Seminar davomida UZCARD ekspertlari merchant (sotuvchi) toifasini aniqlash mezonlari, terminallarni roʻyxatdan oʻtkazishdagi namunaviy xatolar va notoʻgʻri tasniflashning mumkin boʻlgan operatsion oqibatlarini batafsil tahlil qildilar. Qator hollarda amaldagi faoliyatning berilgan kodga mos kelmasligi operatsiyalar tarifikatsiyasi va ularga ishlov berishning toʻgʻriligida aks etishi mumkin.
UZCARDda ta’kidlanishicha, merchantlar toifasini aniqlashda yagona uslubiy yondashuvlar shaffof va barqaror toʻlov ekotizimini rivojlantirishning muhim elementi hisoblanadi. Hamkor banklar bilan tizimli ishlar ekvayring sifatini oshirish va naqd pulsiz hisob-kitoblar bozorida operatsion xatarlarni kamaytirishga qaratilgan.