Infokiosklar mamlakat to‘lov infratuzilmasida muhim o‘ringa ega bo‘lib, aholi tomonidan kundalik to‘lovlarni amalga oshirishda, jumladan mobil aloqa, kommunal xizmatlar, davlat xizmatlari, jarima to‘lovlarini amalga oshirishda keng qo‘llanilmoqda.
Ayniqsa, ularning roli mobil bank ilovalaridan foydalanmaydigan va naqd hisob-kitoblarni afzal ko‘radigan foydalanuvchilar orasida, hususan bank kartalarini to‘ldirishda (cash-in) juda muhimdir.
Bugungi kunda «UZCARD» to‘lov tizimiga 20 mingdan ortiq infokiosk ulangan bo‘lib, ularning katta qismiga to‘lov tashkilotlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Infokiosklarning asosiy qismi poytaxtda, shuningdek respublika viloyat markazlarida jamlangan bo‘lib, ular orqali bank kartalariga naqd pul mablag‘lari kiritiladi.
2026 yilning dastlabki ikki oyi yakunlariga ko‘ra, infokiosklar orqali «UZCARD» bank kartalarini to‘ldirishning umumiy hajmi 2 trillion so‘mni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5% ga ko‘pdir.
Mazkur segmentning asosiy ishtirokchisi «Paynet» bo‘lib, uning ulushi «UZCARD» tizimiga ulangan infokiosklar aylanmasining 94% ini tashkil etadi. Shu bilan birga, yetakchining ulushi 2025 yilning dastlabki ikki oyi bilan solishtirganda biroz kamaydi. Ushbu o‘zgarishga «OSON» aylanmasining 47% ga o‘sishi ta’sir ko‘rsatdi. Xuddi shunday dinamika «Ipak Yuli Bank»da ham kuzatildi — uning infokiosklari orqali to‘ldirish hajmi 2025 yilga nisbatan 5% ga oshdi.
Shu bilan birga, banklar orasida e’tiborning «cash-in» bankomatlar va universal qurilmalarga ko‘chishi tendensiyasi kuzatilmoqda, chunki bankomatlar infokiosklarga nisbatan ko‘proq funksiyalarga ega va yuqoriroq daromad keltiradi.
Bozorga «Alif» kompaniyasining infokiosklari kirib kelishi so‘nggi oylarning muhim yangiligi bo‘ldi. Kompaniya o‘z infokiosklarini metro stansiyalarida faol o‘rnata boshladi. Joriy yilning dastlabki ikki oyi yakunlariga ko‘ra, ushbu infokiosklar orqali «UZCARD» kartalarini to‘ldirish bo‘yicha eng katta ulush quyidagi banklar hissasiga to‘g‘ri keldi: «Ipoteka bank» (14%), «Ipak Yuli Bank» (13%), «Xalq banki» (12%) va «Milliy bank» (12%).
«Paynet» borasiga kelganda, «UZCARD» kartalarini to‘ldirishning eng katta hajmi «Xalq banki» kartalari hissasiga to‘g‘ri kelganini aytib o‘tish joiz. Uning ulushi 19% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3% ga kamaydi. Tuzilmaning o‘zgarishiga «Agrobank» kartalariga to‘ldirish hajmining qariyb 190 mlrd so‘mga yetgani ta’sir ko‘rsatdi. Bu korsatgich o‘tgan yilga nisbatan 38% o‘sgan. Xuddi shunday o‘sish «Ipak Yuli Bank»da ham kuzatilib, uning ulushi 10% ni tashkil etdi.
Qo‘shimcha ma’lumot. Xalqaro tajribaga ko‘ra, infokiosklar moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, naqdsiz to‘lovlarni rivojlantirish hamda aholini raqamli moliyaviy tizimga integratsiya qilishda samarali vosita bo‘lishi mumkin. Ular naqd va raqamli iqtisodiyot o‘rtasidagi o‘ziga xos ko‘prik hamda naqdsiz to‘lovlarga bosqichma-bosqich o‘tishning muhim omillaridan biridir.
Naqd pul mablag‘larini raqamli shaklga o‘tkazish mumkin bo‘lgan nuqtalar sonini kengaytirish maqsadida to‘lov tizimlari ushbu yo‘nalishni texnologik, moliyaviy va infratuzilmaviy qo‘llab-quvvatlash orqali faol rivojlantirmoqda.