Biznes-karta va SoftPOS: kichik biznes uchun birlashtirilgan yechim

“UZCARD” toʻlov tizimi “Anorbank” bilan hamkorlikda yangi “Biznes-karta” karta mahsulotini ishlab chiqdi, u elektron toʻlovlarni qabul qilish uchun mobil telefondan savdo terminali (SoftPOS) sifatida foydalanadigan kichik biznes uchun qoʻshimcha vosita boʻladi. Biznes-karta oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga beriladi, bu, ayniqsa, chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida faoliyat yurituvchilar uchun qulay boʻladi.

Yangi karta mahsuloti korporativ kartadan butunlay farq qiladi va hech qanday toʻlov komissiyalarsiz terminaldan kartaga avtomatik ravishda pul oʻtkazish uchun SoftPOS bilan integratsiya qilish imkoniyatiga ega. Ushbu opsiya mikro va kichik biznes uchun hatto dam olish va bayram kunlarida ham kartaga mablagʻ yuklashda qoʻshimcha qulayliklar yaratadi. Shuningdek, yangi biznes-karta egalari bankomatlar orqali naqd pul olish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda, ushbu turdagi kartalar boʻyicha P2P operatsiyalari mavjud boʻlmaydi.

Biznes-kartadan foydalangan holda, biznes vakillari oʻz ehtiyojlari uchun ofis jihozlarini xarid qilishlari, kommunal toʻlovlar va soliqlar hamda boshqa toʻlovlarni toʻlashlari mumkin boʻladi.

Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining me’yoriy koʻmagida amalga oshirildi, uning doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalari toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritildi. Mazkur nizomga koʻra, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun chiqariladigan bank kartasining yangi turi tasdiqlanmoqda.

Ta’kidlash joizki, “UZCARD Express” loyihasi doirasida biznes-kartani ishlab chiqishda hududiy oziq-ovqat va buyum bozorlarida faoliyat yuritayotgan koʻplab sotuvchilarning faoliyati oʻrganildi. Tadqiqot natijalariga koʻra, tadbirkorlar tomonidan boʻlajak mahsulot uchun foydali opsiyalar, shuningdek undan amalda foydalanishga qiziqish toʻgʻrisida ijobiy fikrlar bildirildi.

2025 yil yakuniga koʻra, SoftPOS orqali UZCARD kartalari boʻyicha toʻlovlar hajmi 2024 yilning koʻrsatkichiga nisbatan 20 barobardan ortiq oshdi. Eng katta oʻsishni “Anorbank” koʻrsatdi, uning SoftPOS orqali toʻlovlarning umumiy tarkibidagi ulushi 74% ni tashkil etdi. Peshqadamlar uchligiga “Ipoteka Bank” va “Hamkor Bank” ham mos ravishda 9% va 7% ulush bilan kirdi. SQB ham sezilarli dinamikani koʻrsatdi: 2025 yilning iyul oyidan dekabr oyigagacha bankning SoftPOS orqali operatsiyalari hajmi 22 barobarga oshdi.

SoftPOS boʻyicha eng katta aylanmalar hali ham Toshkentda qayd etilmoqda – barcha operatsiyalarning 81% poytaxt sotuvchilariga toʻgʻri keladi. Shu bilan birga, Toshkentning toʻlovlar tarkibidagi ulushi 2024 yilga nisbatan 6%ga kamaydi, bu hududlarda SoftPOSdan foydalanishning faol oʻsishi bilan bogʻliq. Eng yuqori oʻsish sur’atlarini Xorazm, Jizzax, Namangan va Samarqand viloyatlari koʻrsatdi, ularning umumiy ulushi 16% ga yetdi.