UZCARD’dan Fan Card: toʻlov kartasi va “Neftchi” oʻyinlariga abonement

UZCARD Oʻzbekistondagi birinchi integratsiyalashgan muxlis kartasi – toʻlov funksiyalari va “Neftchi” futbol klubining mezbonlik oʻyinlariga tashrif buyurish uchun yillik abonementni birlashtirgan – Fan Card ishga tushirilganini e’lon qiladi. Loyiha “Universal bank” bilan birgalikda amalga oshirilib, karta klub muxlislari uchun amalda mavjud.

Fan Card UZCARD milliy toʻlov tizimining toʻlaqonli toʻlov kartasi boʻlib, undan kundalik xaridlar va onlayn toʻlovlar uchun foydalanish mumkin. Bir vaqtning oʻzida karta klubning mezbonlik oʻyinlariga mavsumiy abonement vazifasini bajaradi.

Fan Card’ni rasmiylashtirishda muxlisga butun mavsum uchun stadionda muayyan joy biriktirib qoʻyiladi.  Sektor, qator va joy ma’lumotlari kartaning orqa tomonida koʻrsatiladi va alohida chiptalarni rasmiylashtirmasdan oʻyinlarga shaxsiylashtirilgan kirishni tasdiqlaydi. Stadionga kirish ATTO infratuzilmasi qo‘llanilgan turniketlar orqali amalga oshiriladi, bu esa sport tadbirlariga naqd pul ishlatmasdan qulay va tezkor kirishni ta’minlaydi.

Fan Card muxlisning raqamli profilini, jumladan, oʻyinlarga tashriflar tarixini ham yaratadi. Kelgusida bu sodiqlik dasturini rivojlantirish va shaxsiylashtirilgan takliflarni taqdim etish uchun asos boʻladi.

Loyiha doirasida savdo-servis korxonalarini hamkorlik dasturiga ulash ishlari olib borilmoqda. Kartadan umumiy ovqatlanish ob’ektlari, sport va fitnes markazlari, shuningdek sodiqlik dasturi asosida chakana savdo tarmogʻida foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Fan Card’ning ishga tushirilishi sport infratuzilmasini raqamlashtirish va UZCARD ekotizimini rivojlantirish strategiyasining bir qismidir. Birinchi bosqichda loyiha “Neftchi” futbol klubi muxlislari uchun amalga oshirilmoqda. Kelajakda formatni mamlakatning boshqa klublari va sport maydonchalariga kengaytirish imkoniyati koʻrib chiqilmoqda.

Fan Card – bu toʻlov infratuzilmasi va kirish nazorati tizimini yagona vosita doirasida birlashtiradigan va mamlakatda muxlislar uchun raqamli servislarni rivojlantirishda yangi bosqichni ochib beradigan Oʻzbekistondagi birinchi va yagona mahsulotdir.