UZCARD Singapore FinTech Festival 2025 tadbirida ishtirok etdi

UZCARD kompaniyasi 2025-yil 12–14-noyabr kunlari Singapur shahrida bo‘lib o‘tgan Singapore FinTech Festival 2025 tadbirida ishtirok etdi. Singapore FinTech Festival (SFF) — moliya va texnologiyalar sohasidagi yetakchi mutaxassislarni birlashtiruvchi, dunyodagi eng yirik xalqaro maydonlardan biridir. Joriy yilda festival o‘zining o‘ninchi yilligini nishonladi hamda butun dunyodagi banklar, fintex kompaniyalari, startaplar va regulyatorlar vakillarini bir joyga to‘pladi.

SFF 2025ning bosh mavzusi — raqamli ekotizimlarni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni integratsiya qilishdir: sun’iy intellekt va bulutli yechimlardan tortib, an’anaviy moliya tizimlari bilan markazlashtirilmagan moliyani uyg‘unlashtirishgacha. Forum dasturiga o‘nlab mavzuli panel sessiyalari, ko‘rgazma zonasi hamda tajriba almashinuvi va yangi xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiluvchi 20 000 dan ortiq biznes-uchrashuvlar kiritilgan.

UZCARD kompaniyasi festival doirasida O‘zbekistonning raqamli to‘lovlar va ochiq banking yo‘nalishidagi innovatsion yechimlarini taqdim etdi. Dastur doirasida OOO UCMG   tijorat direktori Olimjon Zokirov kompaniyaning asosiy mahsulotlari hamda mamlakat to‘lov infratuzilmasini rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.

Singapore FinTech Festivalida ishtirok etish UZCARD kompaniyasining xalqaro maydondagi tobora ortib borayotgan ishtirokini namoyon etadi hamda fintex bozorining global o‘yinchilari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga bo‘lgan intilishini ko‘rsatadi.

Singapore FinTech Festival (SFF)

Ushbu festival 2016-yildan buyon o‘tkazib kelinadi va moliyaviy texnologiyalar sohasidagi eng yirik jahon tadbirlaridan biri hisoblanadi. Tashkilotchilar — Monetary Authority of Singapore (MAS), shuningdek Elevandi va Enterprise Singapore. Har yili festivalga 130 dan ortiq mamlakatdan 60 000 dan ziyod ishtirokchi, jumladan hukumatlar, banklar, investitsiya fondlari va texnologik korporatsiyalar vakillari tashrif buyuradi.