UZCARD to‘lov tizimi budjet tashkilotlari va davlat kompaniyalari uchun mo‘ljallangan, yangi korporativ Xarid kartasini ishga tushirdi. Mazkur kartalarni chiqarishni boshlagan birinchi bank «Mikrokreditbank» bo‘ldi. Bunday loyihalar davlat buyurtmachilarining xarajatlarini boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida dunyoning ko‘plab rivojlangan mamlakatlarida faol qo‘llaniladi.
Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 24-fevraldagi 108-son qarori doirasida, davlat xaridlari bo‘yicha regulyatorning muvofiqlashtiruvi va qo‘llab-quvvatlashi asosida amalga oshirilmoqda. Loyiha 20 mingdan ortiq davlat buyurtmachilari uchun xaridlarni amalga oshirish tartibini soddalashtirishga qaratilgan.
Tasdiqlangan tartibga muvofiq, buyurtmachilar xarid kartasidan xizmat safarlari xarajatlarini, jumladan mehmonxonada yashash, transport xarajatlari (avia va temir yo‘l chiptalari), shuningdek maishiy xarajatlar, hamda ovqatlanish xarajatlarini to‘lash uchun foydalanadilar. To‘lov vositasi, shuningdek, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida benzin, suyultirilgan va siqilgan gaz, dizel yoqilg‘isi uchun to‘lovlarda hamda elektr quvvatlash stansiyalarida qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, xarid kartasi hisobvaraq-fakturalarni G‘aznachilikda avtomatik ro‘yxatdan o‘tkazish, MCC-kodlar asosida limitlarni boshqarish hamda har bir operatsiya bo‘yicha xarajatlarni kuzatish imkonini beradi.
Yangi loyiha doirasida UZCARD davlat xaridlari regulyatori uchun shaxsiy kabinet ishlab chiqdi, hamda, elektron fiskal cheklarni olish uchun — O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi, amalga oshirilgan xaridlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun — UzASBO tizimi kabi davlat raqamli platformalari bilan integratsiyani amalga oshirdi.
Hozirgi vaqtda xarid kartasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika Markazi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy energiya samaradorligi agentligi foydalanmoqda.
UZCARD. Qulay yashang.